← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Janr

Janr (fr. genre – jins, tur, xil) – adabiy janr, adabiy asarlarning tarixan shakllanuvchi tipi, muayyan davr milliy yoki jahon adabiyotida umumiy xususiyatlari bilan turli koʻlamdagi guruhlarni tashkil qiluvchi asarlarni anglatuvchi tushuncha. J. terminining qoʻllanishida turlichalik kuzatiladi: ayrim manbalarda J. termini adabiy tur (epos, lirika, drama) maʼnosida ishlatilsa, boshqa birlarida ancha tor maʼnoda (epos – tur, roman – xil, tarixiy roman – janr) qoʻllanadi. Shunga qaramay, J.terminining bir adabiy tur doirasidagi umumiy xususiyatlari bilan farqlanuvchi asarlar guruhi (mas., epos – adabiy tur, hikoya, qissa, roman – J) maʼnosida qoʻllanishi kengroq ommalashgan. Tarixiy kategoriya sifatida adabiy J.lar sistemasi muttasil harakatda yashaydi: yangi J.lar vujudga keladi, takomillashadi, isteʼmoldan chiqadi; har bir alohida J.da ham muttasil sifat oʻzgarishlari kuzatiladi, badiiy ijod amaliyoti uning shakliy va mazmuniy xususiyatlariga muttasil oʻzgartirishlar kiritib boradi. Ikkinchi tomondan, yangi davr adabiyotida, XVIII asrdan boshlab, badiiy ijodda individ rolining muttasil ortib borishi barobaridadada anʼanaviy J. kanonlari ham yemirilib boradi: endilikda muayyan ijodkorning u yoki bu J.da yaratgan asari ham qator oʻziga xosliklarni, yaʼni konkret asarga xos J. xususiyatlarini namoyon etaveradi. Yana bir jihati, har bir davr adabiyotidagi J.lar tizimi adabiy anʼanalarning davomi va adabiy aloqalar natijasi oʻlaroq, yanada rang-barang tus oladi: faol J.lar bilan bir qatorda anʼanaviy va xorijiy adabiyotlardan oʻzlashgan J.lar ham isteʼmolda boʻladi. Demak, har bir davr adabiyotining J.lar tizimini sinxroniya/diaxroniya aspektlarida oʻrganish taqozo etiladi. Aytilganlarning bari, albatta, J. nazariyasini ishlab chiqishda qiyinchilik tugʻdiradi, hali bu borada umumeʼtirof etilgan, tugallangan taʼlimot yoxud tizimli tarzda amalga oshirilgan J.lar tasnifining mavjud emasligi shundan. Bu tabiiy ham, chunki, birinchidan, J.lar sistemasi muttasil oʻzgarishda ekan, u haqdagi nazariy qarash ham adabiyot taraqqiyotining oʻtib boʻlingan muayyan bosqichiga nisbatangina tugal boʻlishi mumkin. Ikkinchidan, ijod amaliyotida individuallikning roli ortgan sharoitda J. kanonlarini qatʼiy belgilab boʻlmaydi, shu bois taʼrif va tasnifda har bir J.ga xos eng umumiy belgilarni asosga olish bilan qanoatlanishga toʻgʻri keladi. Bunday umumiy belgilar sifatida konkret asarning adabiy turga mansubligi, asosiy estetik belgisi, kompozitsion xususiyatlari, tasvir koʻlami, badiiy nutq shakli va tabiati kabilar koʻrsatilishi mumkin. Mas., asosiy estetik belgisiga koʻra dramatik janrlar (komediya, tragediya, drama), hayotni qamrab olish koʻlamiga koʻra epik janrlar (hikoya, qissa, roman) bir-biridan yaqqol farqlanadi. Yaʼni bu belgilarni dastlabki asos qilib olgach, eʼtiborni J.ning boshqa belgilariga qaratish mumkin boʻladi. Mas., tragediyaning asosiy estetik belgisi tragiklik boʻlsa, bu J.ga mansub etilishi uchun asarda yana tragik holat, tragik konflikt va tragik qahramon boʻlishi ham taqozo etiladi. Yoki hikoya, asosan, qahramon hayotidagi bitta voqeani qalamga oladi, bu – janrning asosiy belgisi. Lekin bitta voqea qissa, hatto romanga ham material berishi mumkin. Demak, asarni hikoya janriga mansub etish uchun yana uning hajman kichik boʻlishi, xarakterning tayyor holda berilishi; syujet asosida “voqealar rivoji” emas, balki “voqeaning ichki rivoji” (yaʼni voqeadan voqeaga tarzida emas, voqeaning epizodidan epizodga tarzidagi rivojlanish) yotishi talab etiladi. Bundan koʻrinadiki, J.lar tizimi muttasil oʻzgarishda boʻlsa yoki konkret asar oʻziga xos J. xususiyatlarini namoyon etsa-da, har bir adabiy J.da yuqoridagi kabi muayyan darajada turgʻun xususiyatlar ham mavjud ekan. Bu esa J.ni poetik matritsa deb hisoblash imkonini beradi. Poetik matritsa badiiy voqelikni tashkillash prinsiplari boʻlib, asarlarda badiiy voqeliklarning turfaligiga qaramay, oʻzida ularning bari uchun umumiy jihatlarni jamlaydi. Poetik matritsani badiiy yoki kundalik muloqot nutqidagi klishe(qolip, sintaktik konstruksiya)larga qiyosan tushunish qulay. Nutqiy muloqotga kirishayotgan inson til vositalaridan foydalangan holda informatsiya yetkazish, unga munosabatini ifodalash va tinglovchiga muayyan taʼsir koʻrsatish maqsadlarini koʻzlaydi. Buning uchun u ongida mavjud tayyor klishelarga til materiali (soʻzlar)ni muayyan aloqa va munosabatda joylashtirishi lozim. Shunisi muhimki, bir tomondan, klishelarning tildan foydalanuvchilarning bari uchun umumiy ekanligi oʻzaro bir-birini tushunishning asosi, ikkinchi tomondan, umumiy klishelardan foydalangani holda har bir soʻzlovchi nutqi individual xususiyatlarini ham namoyon etaveradi. Shunga oʻxshash, poetik matritsalar ham mohiyatan yuqoriroq darajadagi klishelar boʻlib, ular badiiy xotirada mavjud, ular vositasida ijodkor badiiy voqelikni yaratadi, yaʼni hayot materialini muayyan badiiy informatsiyani yetkazadigan, unga munosabatini ifodalaydigan va oʻquvchiga muayyan taʼsir oʻtkazadigan tarzda joylashtiradi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish