← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Jargon

Jargon (fr. jargon – begona, tushunarsiz til) – muayyan ijtimoiy qatlam, kichik guruhga xos “sheva”, umumxalq tilidan farqlanib, asosan, shu “sheva” vakillariga tushunarli boʻlgan unsurlardan tarkib topadi. J., asosan, leksik va frazeologik birliklar hisobiga yuzaga keladi, shuning uchun ham u tilning leksik va frazeologik sathlarida voqe boʻluvchi hodisa sifatida taʼriflanadi. Biroq amalda J. , koʻpincha, bu ikki sath chegarasidan chiqadi, yaʼni butun boshli gap ham J. sanalishi mumkin. Shuning uchun ham terminning kengroq – “sheva” sifatida tushunilishi toʻgʻriroq boʻladi. J. badiiy asarda personajlar nutqini individuallashtirish, muhit koloritini berish maqsadida, asosan, personajlar nutqida qoʻllanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish