← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Jim qolish

Jim qolish – stilistik figuralardan biri, sheʼriy misralarda ifodalanayotgan fikr ifodasini atayin tugatmay qoldirish. J.q.da fikr oxirigacha ifodalanmasa-da, uning aniq anglashilib turishi shart, buning uchun esa avvalgi misralarda puxta zamin hozirlanishi lozim. Mas.:

Men sendan ketmoq istayman

Yomgʻirdek emas, –

Yomgʻir yana qaytib keladi.

Men sendan ketmoq istayman

Shamoldek emas, –

Shamol yana qaytib yeladi.

Men sendan ketmoq istayman

Muhabbat kabi... (X.Davron)

Sheʼrning dastlabki ikki satri uchinchi misra bilan, keyingi ikki satri oltinchi misra bilan izohlansa, soʻnggi ikki satrda shoir bu yoʻldan bormaydi – jim qoladi, izohni sheʼrxonning oʻzi oʻzicha shakllantirishi zarur boʻladi. Bunga matnda yetarli asos bor: sheʼrning birinchi va ikkinchi uch misrali bandlari sintaktik (strofik) parallelizm usulida qurilgan boʻlib, uchinchi misralar dastlabki ikki misrani izohlaydi, yaʼni “nega yomgʻirdek emas? – chunki u qaytib keladi”, “nega shamoldek emas? – chunki u qaytib keladi”. Soʻnggi misradagi “kabi” bilan avvalgi misralardagi “emas”ning zidligi oxirigacha ifodalanmagan fikrni “muhabbat kabi – chunki u qaytib kelmaydi” tarzida tushunishga asos boʻladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish