← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Istiora

Istiora (ar. استعاره – vaqtincha omonatga, oriyatga olmoq) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, bir soʻz shaklini vaqtincha “omonatga olib”, boshqa, yaʼni koʻchma maʼnoda ishlatish. I.da soʻzni oʻz maʼnosidan boshqa maʼnoda ishlatish oʻxshashlik asosida amalga oshadi. A.Husayniy taʼkidlashicha, I.ni “ajam shuarosi sanoyiʼ qabilidan, arab fusahosi esa kalomning zotiy goʻzalliklaridan” deb hisoblaganlarki, bunda muayyan asos bor. Haqiqatan ham til hodisasiga aylanib boʻlgan (mas., “kun botdi”, “xoʻroz” va h.) I. bilan hali til hodisasiga aylanib ulgurmagan (yaʼni sanʼatkorona nigoh bilan koʻrilgan oʻxshashlik asosidagi obrazli ifoda) I. badiiy-estetik qimmat jihatidan teng emas, ularning birinchisi zotiy goʻzalliklarga, ikkinchisi oriziy goʻzalliklarga (q. sanoyiʼ) mansub etilishi toʻgʻri boʻladi. Mas., Navoiyning:

Ul oy avsofini ahli zamondin

Eshitur erdi bal yaxshi-yamondin, –

baytidagi “oy” soʻzi “yerning tabiiy yoʻldoshi” maʼnosidan “omonatga olinib”, “yor” maʼnosida ishlatilgan va oʻziga xos obrazli ifoda yuzaga kelgan. Bir qarashda oy soʻzini maʼshuqa, yor maʼnolarida ishlatish notabiiydek tuyulsa-da, nur taratib turgan oy bilan yorning nurli jamoli oʻrtasidagi oʻxshashlik mana shu notabiiylikni tabiiy, goʻzal ifodaga aylantiradi. Bu esa “fasohatu balogʻat arbobi qoshinda haqiqattin yaxshiroqdir”(A.Husayniy). Ilmi badiʼga oid manbalarda I. bilan tashbehi kinoyatga berilgan taʼriflar oʻrtasida farq sezilmaydi. Bu bejiz emas, chunki mohiyatan I. birgina mushabbihun bih ishtirok etgan tashbehdir (q.).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish