← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Istihroj

Istihroj (ar. استخراج – keltirib chiqarmoq) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, baytda qoʻllanayotgan tashbehlarda arab harflarini mushabbihun bih vazifasida keltirib, ularning yigʻindisidan biror soʻz chiqarish. I. sanʼatini yuzaga keltirishda arab harflarining turli shakllari bilan biror narsa (koʻproq yorning biror aʼzosi) oʻrtasidagi oʻxshashlik asos boʻladi. Mas., Navoiyning mashhur “Jonimdagʻi jim...” deb boshlangan ruboiysida sochning gajagi bilan “jim” (ج) harfi, tik qomat bilan “alif” (ا), egilgan qosh bilan “nun” (ن) harfi, koʻz qorachigʻi bilan “jim” va “nun”ning nuqtasi oʻrtasidagi oʻxshashlikdan foydalanib “jon” (جان) soʻzi keltirib chiqarilgan. Ogahiyning “Ustina” radifli gʻazali matlaʼsida “nas” (نص) – “hukm” soʻzining keltirib chiqarilishi ham I.ning yaxshi namunasidir. Yana bir misol, Soʻfi Olloyorning:

Kalidi ganji maʼnikim zabondur,

Anga bir nuqta koʻp boʻlsa ziyondur, –

baytida muhim axloqiy masala oʻrtaga tashlanib, “zabon” – (زبان) soʻziga bitta ortiqcha nuqta qoʻyish orqali “ziyon” – (زيان) soʻzi keltirib chiqarilmoqda. Muhimi, mazkur misollardagi soʻz oʻyinlari mazmunni goʻzal poetik shaklda, oʻquvchi shuurida muhrlanib qoladigan tarzda ifodalashga xizmat qiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish