← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Ittifoq

Ittifoq (ar. اتفاق – oʻzaro muvofiqlashish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, sheʼrda shoir taxallusining ham lugʻaviy maʼnosida, ham taxallus sifatida ishlatilishi. Yaʼni shoir maqtaʼda oʻz taxallusini keltirayotgan boʻlsa-da, bayt mazmuni uni lugʻaviy maʼnoda ham tushunishni taqozo etadi. I. sanʼati qoʻllangan baytlarni Gadoiy, Bobur, Feruz, Furqat, Choʻlpon, E.Vohidov kabi shoirlar ijodida koʻplab uchratish mumkin. Mas., Boburning:

Oyogʻim yetgancha Boburdek ketar erdim vale,

Sochining savdosi tushdi boshima boshtin yana, –

baytida Bobur soʻzining shoir nomi maʼnosidan koʻra lugʻaviy maʼnoda, yaʼni “sherdek qaytmas boʻlib ketardim” maʼnosida anglash oʻquvchiga koʻproq estetik zavq beradi. Quyidagi baytlarda ham I. sanʼatidan mohirona foydalanilgan:

Garchi erurman tolei Feruz ila olamgʻa shoh,

Lek ul parilar sarvari oldidadurman qul bukun (Feruz).

Muhabbat osmonida goʻzal Choʻlpon edim doʻstlar,

Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku (Choʻlpon).

Senga oʻn toʻrtda bogʻlandim, hanuz Erkin boʻlolmas dil,

Oʻzim dogʻman, aql kirmas, toʻzimsiz oʻttizimdan ham (E.Vohidov).

Damlar shikvasiga uchma, Omon boʻl,

Fazlu kamolingni el bilsa boʻldi (Omon Matjon).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish