← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Iyhom

Iyhom (ar. ايهام – shubhaga solish, adashtirish) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼatlardan biri, sheʼrda (baʼzan nasrda ham) bir soʻzni bir joyning oʻzida ikki maʼnoda ishlatish. I.da matndagi soʻzning bir qarashda anglashilib turgan yaqin maʼnosidan tashqari yana bir uzoqroq maʼnosi mavjud boʻladi va shu uzoq maʼno shoirning asl muddaosi hisoblanadi. Ikki turli maʼnoda ishlatilgan birgina soʻz butun boshli baytni ikki xil tushunish imkonini beradi. Atoulloh Husayniy I. sanʼati “tavriya”, “taxyil”, “tasviya” nomlari bilan ham yuritilishini qayd etgan. Mas., Navoiyning:

Labingni soʻrgali muhri sukut ogʻzima tushmish

Ki, ul shakkar bila ernim biri biriga yopushmish, –

baytidagi “soʻrgali” soʻzining yaqin maʼnosi “soʻramoq” boʻlsa, uzoq maʼnosi “soʻrmoq”, yaʼni “boʻsa olmoq”dir. Ushbu soʻzning ikki xil maʼnosiga tayanib Bobur ham quyidagi mashhur baytida I. sanʼatini mohirona qoʻllagan:

Labing bagʻrimni qon qildi, koʻzimdin qon ravon qildi,

Nega holim yomon qildi, men andin bir soʻrorim bor.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish