← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Iyjoz

Iyjoz (ar. ايجاز – qisqa, loʻnda) – oz soʻz (lafz) bilan koʻp maʼno ifoda etish. Ayrim manbalarda I. ham sanʼatlar sirasida sanalsa-da, aslida, u sanʼatga nisbatan kengroq tushuncha boʻlib, umuman nutq uslubiga xos xususiyatni anglatadi. Nutqdagi I.ga zid boʻlgan xususiyat, yaʼni oz maʼnoni koʻp soʻz bilan ifoda etish itnob (yoki bast), maʼno koʻlami va sarf etilayotgan soʻz miqdorining muvofiqligi esa musovot deb yuritiladi. Mavjud sheʼriy sanʼatlarning bir qismi (tashbeh, istiora, talmeh va b.) I.ni yuzaga chiqaradi, chunki ular yordamida, odatda, aslida tushuntirish uchun koʻproq soʻz sarf etiladigan narsa-hodisa, tushunchalarga oz soʻz bilan ishora qilinadi, shu ishora tufayli bayt yoki misra mazmuni soʻz bilan ifodalanganiga nisbatan beqiyos darajada kengayadi. Zero, ishora oʻquvchini matndan tashqaridagi kontekstga (voqelik, tarixiy voqea, boshqa bir asar va sh.k.) yoʻnaltiradi, natijada matn mazmuni oʻsha kontekst mazmuni bilan boyiydi. Aksincha, bir qator sanʼatlar (tafsir, takrir, jam, taqsim, tafriʼ kabi) maʼnoni ifodalash uchun koʻp soʻz sarflanishiga, yaʼni itnobga olib keladi. Mas., tafsir (q.) sanʼati baytda ifodalangan fikrning keyingi baytlarda sharhlanishini taqozo etadi, maʼno koʻlami oʻzgarmagani holda matn kengayadi. Shuning uchun ham ilmi balogʻada I. va musovotning maʼnoga xalal bermasligi, foydasiz itnobdan saqlanish talab etiladi. Yaʼni barcha hollarda ham meyorni saqlash zarur: oz soʻz bilan koʻp maʼno ifodalash yoki soʻz hajmining maʼnoga muvofiq boʻlishini koʻzlab mazmunni xiralashtirish ham, shu bilan birga, ortiqcha va foydasiz itnob ham maʼqul emas.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish