← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Laff va nashr

Laff va nashr (ar. لف و نشر – yigʻmoq va yoymoq) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat. L.n. sanʼatida bir necha narsa-tushuncha nomi sanalib, keyin ularga oʻxshash, aloqador, taalluqli yoki muvofiq keladigan boshqa narsa-tushuncha nomlari keltiriladi. L.n. sanʼati bir misra doirasida ham voqe boʻlishi mumkin, shunga qaramay, uning bayt doirasida voqe boʻlishi, yaʼni birinchi misrada sanalgan narsa- tushunchalarga oʻxshash, aloqador, taalluqli yoki muvofiq keladigan boshqa narsa-tushunchalar nomining keyingi misrada keltirilishi koʻproq uchraydi. Bunda sanalayotgan narsa-tushunchalar bir-biriga ochiq oʻxshatilmaydi, ularning bir-biri bilan bogʻliq yoki aloqador ekanligi ham ochiq aytilmaydi, ular oʻrtasidagi oʻxshashlik yoki muvofiqlikni idrok etib olish oʻquvchining oʻziga havola qilinadi. L.n.ning ikki navi mavjud: 1) murattab, yaʼni tartibli L.n. Bunda har ikkala guruhdagi sanalayotgan narsa-tushunchalar tartibi bir-biriga mos boʻladi, yaʼni birinchi misrada sanalayotgan narsa-tushunchalar qanday tartibda berilsa, keyingi misrada narsa-tushunchalar shunga muvofiq tartibda sanaladi. Mas., Navoiyning:

Chun oʻlarmen chin deyin ishqi buzugʻ koʻnglimdadur,

Men oʻlib, ul ganj bu vayronda pinhon qolmasun, –

bayti birinchi misrasida “ishq” va “koʻngil” soʻzlari sanalib, keyingi misrada “ishq” “ganj”ga, “koʻngil” “vayrona” qiyoslanmoqda. Baytda qoʻllangan L.n.da sanalayotgan tushunchalar tartibi bir-biriga mos (birinchi misrada avval “ishq” keyin “koʻngil”, ikkinchi misrada avval “ganj”, keyin “vayrona”) boʻlgani uchun murattab hisoblanadi; 2) mushavvash, yaʼni tartibsiz yoki nomurattab L.n. Bunda sanalayotgan narsa-tushunchalar tartibi buzilgan boʻladi, yaʼni birinchi misradagi narsa-tushunchalarni berish tartibi keyingi misrada buziladi, ikkala misradagi sanoq tartibi bir-biriga mos kelmaydi. Mas., Navoiyning:

Domi zulfung ichra xushtur, baski, koʻnglum toyiri,

Javrdur bu qushga, ey sayyod, ozod aylamak, –

bayti birinchi misrasidagi “domi zulf”, “koʻnglum toyiri” tushunchalariga ikkinchi misradagi “qush” va “sayyod” tushunchalari muvofiq, lekin ikkinchi misrada sanoq tartibi oʻzgargan (birinchi misrada “domi zulf ... koʻngil toyiri”, keyingisida “qush ... sayyod” tartibida berilgan, holbuki, “domi zulf” “sayyod”ga, “koʻngil toyiri” esa “qush”ga aloqador, yaʼni birinchi misrada avval sanalgan tushuncha ikkinchi misrada keyin kelgan tushunchaga, keyin kelgani esa avval kelganiga aloqadordir). Baʼzi manbalarda mushavvash L.n. oʻz ichida yana ikki turga ajratiladi: birinchi turi “maʼkus ut-tartib” deb nomlanib, unda keyin sanalayotgan narsa-tushunchalar avval sanalganlariga aks tartibda (yaʼni 1, 2, 3, 4 – 4, 3, 2, 1 tarzida) beriladi; ikkinchi turi “muxtalit ut-tartib” deb ataladi, unda tartib oʻzgargan-u, sanoqda aks tartib saqlanmaydi, chalkash berilaveradi (mas., 1, 2, 3, 4 – 2, 4, 1, 3 kabi).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish