← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Koʻchim

Koʻchim, trop – soʻzning odatiy maʼnosidan oʻzga maʼnoda qoʻllanishi, muayyan badiiy-estetik maqsadni koʻzlagan holda voqe boʻluvchi semantik sathdagi normadan ogʻish. Koʻchma maʼnoda qoʻllangan soʻzlar trop degan umumiy nom bilan ham yuritiladi. Maʼno koʻchishining asosiga tayangan holda, K.ning metafora, metonimiya, sinekdoxa, kinoya, perifraza, allegoriya (majoz), ramz (simvol) kabi bir qator koʻrinishlari ajratiladi. Aytish kerakki, K.ning turlari adabiyotshunoslikka oid manbalarda turlicha koʻrsatiladi. Jumladan, baʼzan K.lar sirasiga epitet, oksimoron, litota, mubolagʻa kabilarni ham qoʻshish hollariga duch kelish mumkin. Albatta, bunday qilishga asos bera oladigan ayrim misollar borligi, umuman, bu vositalarda ham K.ga yaqin xususiyatlar kuzatilishi bor gap. Lekin K. deganda, badiiy matnda muayyan bir asosga (narsa-hodisalar orasidagi oʻxshashlik, aloqadorlik, vazifadoshlik va h. jihatidan mushtaraklikka) tayangan holda soʻz(baʼzan birikma)ning oʻz maʼnosidan boshqa maʼnoda qoʻllanishini tushunish kerakki, shunda chalkashliklar oʻz-oʻzidan barham topadi. Badiiy asarda qoʻllaniluvchi K.lar oʻzlarining ishlatilish koʻlami, badiiy boʻyoqdorligi, taʼsirdorlik darajasi kabi jihatlariga koʻra bir-biridan jiddiy farqlanadi: a) ularning bir qismi allaqachon til hodisasiga aylanib ulgurgan. Mas., “kun botdi”, “soat yuryapti” kabi birikmalarda soʻz maʼnosi koʻchganligi aniq, biroq biz ularga shu darajada koʻnikib ketganmizki, hozirda ularga K. sifatida qaramaymiz ham. Badiiy asar matnida mazkur K.lar qoʻllanganida, tabiiyki, muallif muayyan badiiy-estetik maqsad bilan semantik sathda ogʻishga yoʻl qoʻygan, deya olmaymiz, zero, ular yozuvchi tomonidan tayyor holda olingan va matnda estetik funksiya bajarmaydi. Demak, ularni badiiyat hodisasi sifatida tushunib boʻlmaydi; b) asar matnida badiiy adabiyotda anʼanaviy tarzda ishlatilib kelayotgan K.lar ham koʻp uchraydi. Mas., “shakar lab”, “gul yuz”, “bulbul”, “sarv qomat”, “qoshi kamon”, “nargis koʻz” va hokazo. Bu xil K. lar ham yuqoridagilar singari tayyor holda olinadi, biroq, ulardan farqli oʻlaroq, matnda estetik funksiya ham bajaradi: tasviriylikni, ifodaviylikni kuchaytiradi. Shunga qaramay, ularning qabul qilinishida koʻnikib qolganlik oqibatida hosil boʻlgan “avtomatizm” kuzatiladiki, bu ularning estetik taʼsir kuchini susaytiradi; v) badiiy-estetik funksiyadorligi, tasviriylik va ifodaviylikni kuchaytirishi jihatidan muayyan matndagina koʻchma maʼnoda qoʻllangan, muallifning assotsiativ fikrlashi mahsuli oʻlaroq dunyoga kelgan K.lar alohida oʻrin tutadi. Ularni shartli ravishda “xususiy muallif koʻchimlari” deb atashimiz mumkin. Shu xildagi K.largina yozuvchining muayyan badiiy-estetik maqsadni koʻzlab yoʻl qoʻygan semantik sathdagi ogʻishi natijasidirki, badiiy til mahorati xususida gap borganda, avvalo, shu xil K.larni eʼtiborga olish lozim.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish