Majoz (ar. مجاز – koʻchma maʼnodagi soʻz) – 1) mumtoz adabiyotshunoslikda soʻzni oʻz maʼnosida emas, boshqa bir koʻchma maʼnoda ishlatish, koʻchimning umumiy nomi; trop. Atoulloh Husayniy M.ga “...lafzni oʻz yasogʻidin oʻzga maʼnoda yasogʻu lafzu oʻshul maʼno orasindagʻi biror aloqayu munosabatqa asoslanaroq qoʻllamoqtin iboratdur, oʻz yasogʻida tushunmakka moniʼ boʻlgʻuchi jumladoshin keltirmak sharti bila”, deya taʼrif beradi. Yaʼni soʻzning koʻchma maʼnosi doim matn ichida, u bogʻlanib kelayotgan boshqa (oʻz yasogʻida tushunmakka moniʼ boʻlgʻuchi jumladosh) soʻz orqali anglashiladi. Soʻzning matndan tashqarida anglatgan maʼnosi esa oʻz maʼnosi hisoblanadi. Mas., “xona tinchlandi” jumlasida “xona” soʻzi koʻchma maʼnoda, uning koʻchma maʼnoda ekanligi esa “tinchlandi” soʻziga bogʻlanayotganidan anglashiladi. Boshqacha aytsak, “xona” soʻzini oʻz maʼnosida tushunishimizga “tinchlandi” soʻzi moniʼ boʻlmoqda, shuning uchun uni “xonadagi odamlar” maʼnosida tushunamiz. Bu oʻrinda soʻzning koʻchma maʼnoda tushunilishiga uning oʻz maʼnosi (xona – joy) va matndan kelib chiqib anglanayotgan maʼno (shu joydagi kishilar) orasidagi aloqadorlik asos boʻlmoqda. Demak, soʻzning koʻchma maʼnoda ishlatilishiga uning oʻz maʼnosi bilan koʻchma maʼnosi oʻrtasida biror bogʻliqlik, oʻxshashlik yoki aloqadorlik boʻlishi shart qilib qoʻyiladi. Shu jihatdan qaralsa, istiora, kinoya (metonimiya), sinekdoxa, ramz kabilar M.ning turli asoslarga tayanuvchi navlaridir. Hozirda M. atamasini bu maʼnoda qoʻllash passivlashgan; 2) hozirgi adabiyotshunoslikda M. atamasini koʻchim turlaridan biri, yaʼni allegoriya (q.) sifatida qoʻllash kengroq ommalashgan.
Мажоз (ар. مجاز – кўчма маънодаги сўз) – 1) мумтоз адабиётшуносликда сўзни ўз маъносида эмас, бошқа бир кўчма маънода ишлатиш, кўчимнинг умумий номи; троп. Атоуллоҳ Ҳусайний М.га “...лафзни ўз ясоғидин ўзга маънода ясоғу лафзу ўшул маъно орасиндағи бирор алоқаю муносабатқа асосланароқ қўлламоқтин иборатдур, ўз ясоғида тушунмакка мониъ бўлғучи жумладошин келтирмак шарти била”, дея таъриф беради. Яъни сўзнинг кўчма маъноси доим матн ичида, у боғланиб келаётган бошқа (ўз ясоғида тушунмакка мониъ бўлғучи жумладош) сўз орқали англашилади. Сўзнинг матндан ташқарида англатган маъноси эса ўз маъноси ҳисобланади. Мас., “хона тинчланди” жумласида “хона” сўзи кўчма маънода, унинг кўчма маънода эканлиги эса “тинчланди” сўзига боғланаётганидан англашилади. Бошқача айтсак, “хона” сўзини ўз маъносида тушунишимизга “тинчланди” сўзи мониъ бўлмоқда, шунинг учун уни “хонадаги одамлар” маъносида тушунамиз. Бу ўринда сўзнинг кўчма маънода тушунилишига унинг ўз маъноси (хона – жой) ва матндан келиб чиқиб англанаётган маъно (шу жойдаги кишилар) орасидаги алоқадорлик асос бўлмоқда. Демак, сўзнинг кўчма маънода ишлатилишига унинг ўз маъноси билан кўчма маъноси ўртасида бирор боғлиқлик, ўхшашлик ёки алоқадорлик бўлиши шарт қилиб қўйилади. Шу жиҳатдан қаралса, истиора, киноя (метонимия), синекдоха, рамз кабилар М.нинг турли асосларга таянувчи навларидир. Ҳозирда М. атамасини бу маънода қўллаш пассивлашган; 2) ҳозирги адабиётшуносликда М. атамасини кўчим турларидан бири, яъни аллегория (қ.) сифатида қўллаш кенгроқ оммалашган.
Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.