← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Maʼrifatchilik, maʼrifatchilik adabiyoti

Maʼrifatchilik, maʼrifatchilik adabiyoti – feodal asoslarga qarshi oʻlaroq maydonga chiqib, XVII – XVIII asrlarda Gʻarbiy Yevropa mamlakatlari va Shimoliy Amerikada keng yoyilgan gʻoyaviy-mafkuraviy harakat; shu harakat gʻoyalarini oʻziga singdirgan va targʻib etgan adabiyot. Yevropaning turli mamlakatlarida M.ning maydonga kelishi vaqt jihatidan farqlanadi: u dastlab Angliyada yuzaga kelgan boʻlsa, ijtimoiy shart-sharoitlarning yetilishi barobaridadadada qitʼaning boshqa mamlakatlariga yoyilgan va ularning har birida konkret shart-sharoitlar bilan bogʻliq tarzda kechgan. Jumladan, Rossiyada M. ancha kech – XVIII asrning 2-yarmida maydonga chiqqan; shuningdek, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida qator Sharq mamlakatlari, jumladan, Rossiya tarkibidagi turkiy xalqlar yashovchi mintaqalar (Qrim, Tatariston, Ozarbayjon, Turkiston)da kuzatilgan M. harakatlari ham Yevropa M.i bilan koʻplab mushtarak jihatlarga egadir.

Mutaxassislar M.ni “falsafiy, ijtimoiy, axloqiy konsepsiya”, yangicha dunyoqarashga asos boʻlgan MAFKURA deb hisoblaydilar. Yangi mafkuraning oʻzagini “inson aqlu zakovati dunyoni oʻzgartiradi”, degan qarash tashkil etadi. M. harakati burjua demokratiyasi, ijtimoiy taraqqiy, ijtimoiy tenglik va adolat, shaxs erkinligi kabi gʻoyalar bilan maydonga chiqqan. Dunyoqarash nuqtai nazaridan koʻproq moddiyunchilik va deizm mavqeida turgan M. namoyandalari feodal-monarxik tartibotlarga, uning mafkuraviy tiragi boʻlgan cherkovga, ilm-fandagi sxolastikaga qarshi turdi, tabiiy fanlarni chuqur oʻrganish, texnikani rivojlantirish kabi vazifalarni dolzarb bildi. Ijtimoiy sohada “aqlga muvofiq jamiyat” qurish maqsadini qoʻygan M. bunga maʼrifat yoyish (jumladan, ularning bir qismi “maʼrifatli monarx” gʻoyasiga tayangan), tashviqot-targʻibot orqali erishish mumkin deb hisobladi. M. ijtimoiy ongning keyingi rivojiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi, jamiyat hayotining barcha sohalarida, ayniqsa, adabiyot va sanʼatda tub burilishlar yasadi. Yevropada M. gʻoyalari taʼsirida yangicha estetik prinsiplarga tayangan adabiyot shakllandiki, uning asosida “dunyoni va insonni oʻzgartirishga qodir gʻoyaviy adabiyot kerak”, degan aqida yotadi. Yaʼni boshqacha aytsak, M.ning ijtimoiy ideali – “inson tabiati va “aql”ga muvofiq jamiyat qurish” M.a.ning estetik idealiga aylandi. Bu esa adabiyotning-da shunga muvofiq holda oʻzgarishini taqozo qildi. Mazkur oʻzgarishlar orasida eng muhimi – idealning “yerga tushgani”dirki, buning natijasi oʻlaroq badiiyat, goʻzallik tushunchalariga ham jiddiy tahrirlar kiritildi. M. adabiyotda, avvalo, oʻquvchilarni tarbiyalash asosida ijtimoiy hayotni isloh qilish vositasini koʻrdi, uni konkret maqsadga erishish vositalaridan biri deb bildi. Shuning uchun ham M.a. namunalarida koʻpincha qahramonlar orasida ochiq gʻoyaviy kurash kechadi, ularning tilidan muayyan gʻoyalar deklarativ tarzda aytiladi, qisqasi, gʻoya asarning birlamchi unsuriga, uni ifodalash muallifning asosiy maqsadiga aylanadi. M. maqsadlarini amalga oshirish uchun qulay imkoniyatlar beruvchi sanʼat turlari va janrlarga ayricha ahamiyat berildi. Jumladan, M. teatrni oʻz gʻoyalarini targʻib etish minbari deb bilgan, shu bois dramatik janrlar rivojlantirilgan, ular ommalashtirgan dramatik janrlarda hayotga yaqinlashish (meshchanlik dramasi, oilaviy drama), olam va odam haqidagi yaxlit badiiy konsepsiyani ifodalashga intilish (falsafiy drama) kuchayadi; M.ning Didro, Lessing kabi yirik namoyandalari teatr sanʼatiga, dramaturgiyaga bagʻishlangan maxsus tadqiqotlar yaratishgan. M.a.da badiiy proza, ayniqsa, hayotni atroflicha badiiy tahlil etish va yaxlit badiiy konsepsiyani ifodalash imkonini beruvchi roman janri gurkirab rivoj topdi; “epistolyar roman” (O.Goldsmit. “Dunyo fuqarosi”; Sh.Monteskyo. “Fors xatlari”), “sayohatnoma roman” (J.Svift. “Gulliverning sayohatlari”), “tarbiya romani” (Russo. “Yuliya yoki Yangi Eloiza), “falsafiy qissa” (Didro. “Ramo jiyan”) kabi qator yangi janrlar ishlab chiqildi; inson xarakterini yaratishning yangi-yangi imkoniyatlari kashf etildi, yangi usulu vositalar joriy qilindi.

Qayd etish lozimki, M.a. deganda, maʼlum bir gʻoyaviy harakat adabiyotini emas, balki ijtimoiy tafakkurda shu gʻoyalar ustuvorlik qilgan davr – M. davri adabiyotini tushungan toʻgʻriroq boʻladi. Zero, bu davr adabiyotidagi maʼrifatchilik klassitsizmi, maʼrifatchilik realizmi, sentimentalizm kabi yoʻnalish va oqimlarning bari M. gʻoyalari taʼsirida boʻlgan va ularni targʻib etgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish