← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Maʼrifatchilik realizmi

Maʼrifatchilik realizmi – maʼrifatchilik davri (q. maʼrifatchilik) Yevropa adabiyotidagi yoʻnalishlardan biri, shu davrda hayotni badiiy aks ettirishning realistik prinsipi (q. realizm) asosida yaratilgan qator asarlarga xos umumiy xususiyatlardan kelib chiqib qoʻllanuvchi atama. M.r. adabiyotni hayotga yaqinlashtirdi, klassitsizmdan farqli oʻlaroq, oddiy kishilar hayoti, ularning kundalik turmushi, orzu-intilishlarini qalamga oldi. M.r.ning qahramoni – oʻzining faolligi, aql-zakovati va iroda kuchi bilan jamiyatda oʻz oʻrnini topish, unda oʻz mavqeini yaxshilash uchun kurashayotgan shaxs. Yaʼni bu qahramon oʻzida maʼrifatchilikka xos inson konsepsiyasini ifodalaydi, inson oʻzining aql-zakovati va iroda kuchi bilan jamiyatni va oʻz taqdirini oʻzgartirishga qodir, degan gʻoyaga illyustratsiya boʻlib xizmat qiladi. Shu bois ham ayrim adabiyotshunoslar “maʼrifatchilik realizmi” atamasidan koʻra “didaktik realizm” atamasini koʻproq maʼqul koʻradilarki, bunga yetarli asos bor. Zero, M.r., bir tomondan, adabiyotni hayotga yaqinlashtirdi, ikkinchi tomondan, unga tarbiya vositasi sifatida qaradi. Yana ham aniqrogʻi, adabiyotni hayotga yaqinlashtirish ham uning tarbiyaviy kuchini oshirish maqsadi bilan izohlanishi mumkin. Yaʼni hayotni asliga monand tasvirlab, undagi fojea va illatlarni haqqoniy koʻrsatgani holda, M.r. shu real voqelik fonida ideal qahramonni harakatlantirdi, uning jamiyatdagi mavqeini yaxshilash, insonlik shaʼniga munosib turmush uchun kurashini ibrat, namuna sifatida talqin qildi. Tabiiyki, M.r.da shunga mos adabiy janrlar (“tarbiya romani”, “sayohatnoma roman”, “sarguzasht roman”; ocherk, sayohatnoma, meshchanlik dramasi) keng ommalashdi va rivojlantirildi. M.r.ning yirik namoyandalari sifatida eʼtirof etiluvchi D.Defo, G.Filding, D.Didro, G.Lessing kabi adiblarning asarlari badiiy tafakkur rivojida, adabiyotda realistik tendensiyalarning qaror topishida katta ahamiyatga ega boʻldi. Yevropa M.r.ga xos xususiyatlar XIX asr oxiri – XX asr boshida qator Sharq xalqlari adabiyotida, jumladan, oʻzbek jadid adabiyotida ham kuzatildiki, bu, bir tomondan, adabiy aloqa va taʼsir, ikkinchi tomondan, ularni yuzaga keltirgan shart-sharoitlardagi tipologik umumiylik bilan izohlanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish