← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Melodrama

Melodrama (yun. melos – qoʻshiq, drama – harakat) – 1) dramaturgiya janrlaridan biri. M.ning xarakterli xususiyatlari sifatida oʻtkir intriga asosiga qurilgan syujetga egalik, bir qadar boʻrttirilgan emotsionallikka yoʻgʻrilganlik, ezgulik bilan yovuzlikning keskin va qabariq tarzda zidlantirilishi, axloqiy-tarbiyaviy yoʻnaltirilganlik kabilar koʻrsatiladi. M. dramaturgiya va teatr janri sifatida XVIII asr oxirida Fransiyada shakllangan, gullab-yashnagan davri esa XIX asrning ikkinchi choragiga toʻgʻri keladi; 2) musiqali dramatik asar, unda personajlarning monolog va dialoglari musiqa joʻrligida ijro etiladi; 3) hozirgi adabiyotshunoslikda va, koʻproq, soʻzlashuv amaliyotida M.ga xos (intrigaga boy syujet, yaxshilik bilan yomonlik keskin kontrastda tasvirlanuvchi, oshkora kuchaytirilgan emotsionallik va b.) xususiyatlarga ega, lekin badiiy jihatdan boʻsh, ommaviy kitobxon yoki tomoshabin saviyasiga moʻljallab yozilgan asarlarga salbiy bahoni ifodalaydi. Terminning salbiy maʼnoda qoʻllanishi “ommaviy sanʼat” bilan bogʻliq boʻlib, uning M.ga xos yuqoridagicha xususiyatlardan oʻquvchi (tomoshabin)ni oʻziga oson jalb etuvchi vosita sifatida oʻrinli-oʻrinsiz foydalanish natijasida badiiy nochor asarlar paydo boʻladi, oʻz holicha yaxshigina badiiy usul va vositalar siyqalashadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish