← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Memuar

Memuar (fr. memories – xotiralar, esdaliklar) – muallifning oʻtmishda oʻzi bevosita ishtirok etgan yoki shohidi boʻlgan voqealar haqidagi xotiralari bayon qilinuvchi adabiy asar. M. asarlar oʻzining bayon yoʻsini, voqealarning syujetli tarzda berilmasligi, vaqt tartibiga rioya qilinishi, faktografiklik xususiyatlari bilan kundaliklarga, materialning haqqoniyligi va toʻqimaning yoʻqligi jihatidan hujjatli-tarixiy ocherk, ilmiy biografiyalarga yaqin turadi. Biroq M.ni bulardan farqlovchi qator muhim jihatlar ham bor. Jumladan, xotiranavis umuman voqeani emas, uning oʻzi koʻrgan tomonlari va undan bevosita olgan taassurotlari haqida yozadi. Shunday ekan, M. subyektivlikdan xoli emas, demak, faktik aniqligi jihatidan hujjat sanala olmaydi. Biroq bu subyektivlik muallifning jonli ishtiroki, taassurotlarning tabiiy va jonliligi, shuningdek, hujjatlarda doim ham aks etavermaydigan koʻplab tafsilotlarni qamrashi hisobiga yuvilib ketadi, shu jihatlari bilan M. asar muayyan voqea (davr) haqida maʼlumot beruvchi qimmatli manba boʻlib qoladi. M. asarlar hajmi, hayotni qamrash koʻlami, uslubiy xususiyatlari kabi qator jihatlari bilan bir-biridan farqlanadi: ayrim M. asarlar xronologik jihatdan cheklangan (N.Muhitdinov. “Kremlda oʻtgan kunlarim”) boʻlsa, boshqalari muallif ongli hayotini toʻla qamrab oladi (“Boburnoma”); baʼzilari diqqatni konkret voqeaga (O.Sharafiddinov. “Bir nutq tarixi”), boshqalari jamiyat hayotidagi muhim bir davrning qator voqealariga (M.Muhammadjonov. “Turmush urinishlari”) qaratadi; portretga yaqin boʻlgan ayrim M.lar biron bir shaxs hayotini deyarli toʻlasicha (Z.Saidnosirova. “Oybegim mening”) qalamga olsa, boshqalari uning hayotidan bir-ikki epizodni (S.Ahmad. “Yoʻqotganlarim va topganlarim”) qamrash bilan cheklanadi. Yoki ayrim M.larda “Boburnoma”dagi kabi turli tafsilotlar (etnografik, geografik, flora va fauna va h.)ga keng oʻrin berilsa, boshqalarida muallifni qiziqtirgan asosiy mavzuga oid tafsilotlarni qayd etish bilan cheklaniladi; baʼzi M.larda bayon obyektiv tarzda (faktlarni qayd etish bilan) olib borilsa, baʼzan faktlarni atroflicha mushohada qilish, ularga gʻoyaviy-hissiy munosabatni oshkor ifodalash kuzatiladi. Yana bir jihati, M.lar yozish bilan professional yozuvchilargina emas, boshqa soha kishilari (davlat arboblari, sanʼatkorlar, sportchilar va h.) ham shugʻullanadilar.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish