← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Metafora

Metafora (yun. metaphora – koʻchirish) – maʼno koʻchishining keng tarqalgan turlaridan biri, narsa-hodisalar orasidagi oʻxshashlikka asoslanuvchi koʻchim turi, trop. M. mohiyatan yashirin oʻxshatish boʻlib, unda oʻxshatilayotgan narsa tilga olinmagani holda, uning maʼnosini oʻxshayotgan narsa (yaʼni uni ifodalayotgan soʻz) bildiradi. Albatta, bu oʻrinda oʻxshatilayotgan narsa-hodisalarning aynan oʻxshashligi talab qilinmaydi, balki ikki narsa-hodisaga xos belgilardan birortasi asos uchun olinadi. Deylik, “oltin kuz”, “oltin davr” birikmalarining birinchisida oʻxshatish asosi uchun “rang”, ikkinchisida esa “qimmat” olingan. Badiiy matndagi M.ning maʼnosi gʻoyat serqirra, chunki u kontekstdagi boshqa soʻzlar bilan birga mazmuniy butunlikni tashkil qilar ekan, ular bilan aloqada hosil boʻlgan assotsiatsiyalar tufayli maʼno diapazonini kengaytiradi. Mas., matndan ajratib olingan holda “suv sindi” birikmasining maʼnosi juda xira, uning M. ekanligini idrok qilish uchun aqlni zoʻriqtirish talab etiladi. Biroq R.Parfining “Suv ostida yaltiraydi tosh, Xarsanglarda sinadi suvlar” satrlarida badiiy matn kontekstidagi birikma maʼnosi yorqin namoyon. “Suv sinishi” uchun uning oynaga oʻxshatilishi zarur, lekin sheʼrda suv oynaga oʻxshatilgan emas. Shunga qaramay, assotsiativ aloqalar asosida “ostida yaltiragan tosh” koʻrinadigan darajada tiniq suvni oynaga oʻxshata olamiz va shuning uchun ham uning “sinishi” tabiiy koʻrinadi. Shoirning “Derazamga uriladi qor, Jaranglaydi jarangsiz kumush” satrlarida M.ning maʼno assotsiatsiyalari yanada kengroq. Rang oʻxshashligi asosida qorni kumushga oʻxshatish sheʼriyatda ancha keng qoʻllanadi. Biroq bu R.Parfi uchun tayanch nuqta, xolos, undan turtki olib boshqa assotsiatsiyalar uygʻotiladi: “jaranglaydi, jarangsiz” soʻzlari metonimik asosda “kumush tanga”larni tasavvurga keltiradi va qor yogʻishi “kumush tangalarning sochilishi”ga oʻxshatilayotgani ayon boʻladi. Yaʼni lirik qahramon nazdida goʻyo kimdir xayr-ehson qilib tanga sochayotgandek. Lirik qahramon “qor yogʻishi toʻkinlik, barakotdan nishona” deb biluvchi xalq vakili ekani eʼtiborga olinsa, uning ayni damdagi kechinmalarini his etish mumkin boʻladi. Bu oʻrinda M.ning voqe boʻlishini taʼminlayotgan assotsiatsiyalar zanjirini mana bu tarzda ifodalash mumkin: kumush (qor, rang oʻxshashligi) – jarang (tanga, aloqadorlik asosida) – “tanga sochish” (saxovat) – qor yogʻishi (yaratganning saxovati, baraka yogʻilishi). Demak, leksik M.ning maʼnosi bir soʻz doirasida anglashilishi mumkin va u nominativ (atash) funksiya bajaradi, badiiy M.ning funksiyasi esa atashdan ancha keng, u matndagi boshqa soʻzlarning maʼnolari taʼsirida mazmunini kengaytiradi va estetik funksiya bajaradi. Mas., leksik M. sifatida “bahor” – yoshlik, “kuzak” – yetuklik, “kuz” – keksalik maʼnolarida ishlatilishi mumkin, yaʼni uchala holda ham M. inson umrining bir bosqichini boshqa soʻz bilan ataydi, xolos. I.Mirzoning “Kuzagimga xush boʻy bergan bahorim” misrasidagi M.lar alohida holda emas, bir butunligida muhim: ular yetuklik pallasi navqiron goʻzalga koʻngil qoʻygan kishi kechinmalarini ifodalaydi, obraz yaratadi. Bu kabi hollarda yoyiq M. haqida gapiriladi, yaʼni butun boshli jumla yoki matnning yirikroq boʻlagi doirasida voqe boʻluvchi obraz nazarda tutiladi. Albatta, bu oʻrinda M.ni endi koʻchim turi deb boʻlmaydi, unga obrazlilikning bir koʻrinishi sifatida qarash toʻgʻriroq. Adabiyotshunoslikda bir narsa-hodisaning mohiyatini ikkinchi bir narsa-hodisa orqali ochish metaforiklik, shu asosga qurilgan obrazni metaforik obraz deb yuritiladi(q. obraz).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish