← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Metod

Metod (yun. methodos – tadqiq usuli) – 1) ijodiy metod; marksistik estetikaning asosiy kategoriyalaridan biri, XX asrning 20-yillaridan keng ommalashgan va maʼnosi oʻzgarib borgan termin. 30 – 40-yillar adabiyotshunosligida adabiyot va sanʼatdagi hayotni badiiy aks ettirishning asosiy tamoyillari M. deb yuritilib, ikkita – realistik va norealistik ijodiy metodlar mavjud deb hisoblangan. Keyinroq M. deganda badiiy asarning gʻoyaviy mazmuni bilan bogʻliq boʻlgan hayot materialini tanlash, badiiy idrok etish va baholash prinsiplari tushunila boshlangan. Yaʼni bunda M. badiiy tafakkur tarzi sifatida tushunilib, ijodkor eʼtiborini voqelikning u yoki bu qirralariga qaratishi, tipiklashtirishi va baholashida namoyon boʻluvchi hodisa sanalgan. Keyingi maʼno koʻchishi adabiyotning mafkura quroliga aylanishini ilmiy asoslash jarayonida amalga oshgan va mafkuralashgan shoʻro adabiyotshunosligida M. tushunchasiga oʻta muhim ahamiyat berilgan. Terminning keyingi maʼnoda qoʻllanishi badiiy ijoddagi ikki muhim unsur – metod va uslubni alohida kategoriyalar sifatida tushunishga imkon bergan. Bunda badiiy tafakkur tarzini anglatuvchi M.ga gnoseologik (yaʼni badiiy bilish bilan bogʻliq), uslubga esa antropologik (yaʼni ijodkor shaxsi bilan bogʻliq) kategoriya sifatida qaraladi (q. uslub). Adabiyotshunoslikda M. terminini bu maʼnoda qoʻllashda ham turlichaliklar bor. Jumladan, romantizm, realizm, tanqidiy realizm, sotsialistik realizm kabilar ijodiy M. sifatida koʻrsatilsa, klassitsizm baʼzan M., baʼzan esa adabiy yoʻnalish sifatida koʻrsatiladi. Holbuki, klassitsizmda ham oʻziga xos hayot materialini tanlash, badiiy idrok etish va baholash prinsiplari mavjud boʻlib, bu jihatdan u bemalol M. sanalishi mumkin. Hozirgi adabiyotshunoslikda ijodiy M. termini qoʻllanishda passivlashdi; 2) tadqiqot usuli. Bu maʼnoda M. badiiy asar va adabiy jarayonni tadqiq etish tamoyillari va usullarini bildiradi: biografik metod, qiyosiy metod, sotsiologik metod va h.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish