← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Metonimiya

Metonimiya (yun. metonymia – qayta nomlash, boshqa narsa orqali atash) – maʼno koʻchishining keng tarqalgan turlaridan biri, koʻchimning narsa-hodisalar orasidagi aloqadorlikka asoslanuvchi turi. Narsa-hodisalar orasidagi aloqadorlik turlicha koʻrinishlarda namoyon boʻladi: narsa-hodisa, holat yoki harakat bilan ular egallagan joy (“stadion hayqirdi”, “butun shahar qatnashdi”), vaqt (“ogʻir kun”, “omadli yil”); harakat bilan u amalga oshiriladigan vosita (“achchiq til”); narsa va uning egasi, yaratuvchisi (“Fuzuliyni oʻqimoq); narsa va u yasalgan modda, xom ashyo (“barmoqlari toʻla tilla”); ruhiy holat, xususiyat va uning tashqi belgisi (“koʻz yummoq”) va h. Badiiy adabiyotda, ayniqsa, metaforik tafakkur yetakchilik qilayotgan zamonaviy adabiyotda M. metaforaga nisbatan kam uchraydi, zero, estetik funksiyadorligi jihatidan u metaforadan quyiroq turadi. Shunday boʻlsa-da, badiiy matnda metafora bilan yondosh qoʻllangan holda u katta badiiy samara beradi, fikrni loʻnda va taʼsirli ifodalashga xizmat qiladi. Mas.: A.Oripovning “Faryod chekkanim yoʻq el ichra taqir, Oʻch ham olganim yoʻq na qalamimdan” satrlarida vosita orqali jarayon nazarda tutiladi va u “oʻch olmoq” metaforasi bilan birga qoʻllanadi. Bu ikkisi birlikda “butun vujudim bilan ijodga berilib, gʻamlarimni unutishga harakat qilmadim”, degan maʼnoni ifodalaydi va, muhimi, shu mazmunni obrazli, taʼsirli ifodalashga xizmat qiladi. U.Azimning: “Koʻzlarini ochib-yumar Mitti qushcha – yarador. Falak, unga najot yubor, Oʻlim, boʻlma xaridor”, – satrlarida joy M.si qoʻllangan: “falak” soʻzi tafakkurimizda oʻrinlashgan ishonch asosida “Yaratgan”ni anglatadi. Baʼzi hollarda metafora va M.ning qorishiq holda voqe boʻlishi, birgina soʻzning ham metonimik, ham metaforik asosdagi koʻchma maʼnolari ishlatilishi mumkin. Mas., Sh.Rahmonning quyidagi sheʼrida shu hol kuzatiladi:

Xazonga aylandi kunlarim...

Motamda turganday boqaman.

Fasllar toʻqnashgan lahzada

xazonlar toʻpini yoqaman.

Koʻzlarim achishar bexosdan

yuragim, qoʻllarim titraydi.

Alanga olmaydi kunlarim,

tutaydi, oh, muncha tutaydi.

Sheʼrning lirik qahramoni – kechmishini sarhisob qilayotgan, oʻtgan kunlaridan qoniqmaslik hissini tuyayotgan odam: u “xazon”da metonimik asosda kuzni (matnda yoʻq “kuz” soʻzi “umr kuzi”iga ham ishora qiladi), metaforik asosda esa oʻtgan, hayot daraxtidan goʻyo uzilib tushgan kunlarini koʻradi. Sheʼrning kayfiyatini his qilishda, uni tushunishda “xazon” yetakchi ahamiyat kasb etadi, goʻyo kalit vazifasini bajaradi. Shunga oʻxshash, X.Davronning “Qarshida deraza soʻylaydi ertak, Unda ikki soya – baxtiyor malul” satrlarida ham yolgʻiz ayol ruhiyatini ochishda M.dan mohirona foydalanilgan va unda ham M. metafora bilan birga qoʻllangan. Derazadagi “ikki soya” – yolgʻiz ayolga armon boʻlgan sokin oilaviy hayot va shu armon tufayli deraza unga ertak soʻylayotgandek boʻladi. Har ikki holda ham adabiyotshunosni M.ning nominativ funksiyasi emas, uning badiiy-estetik funksiyasi – lirik subyektlarning kechinmasini obrazli ifodalashga, ularning obrazini yaratishga xizmat qilayotgani qiziqtirishi lozim.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish