← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mif

Mif (yun. mythos – rivoyat, hikoya, masal) – xalq ogʻzaki ijodining eng qadim davrlarida paydo boʻlgan, voqelik (olam) haqidagi tasavvurlarni konkret obrazlar vositasida aks ettiruvchi rivoyaviy asarlar. M. rivoyaviy asarlar (olam va odam haqidagi hikoyalar) boʻlsa-da, ularni tom maʼnoda soʻz sanʼati hodisasi deb boʻlmaydi. M.lar qadimgi odamlar uchun tafakkur shakli, ular M. vositasida olam sir-sinoatlari (olamning yoki insonning yaratilishi, quyosh chiqishi va botishi, shamol esishi va momaguldurak sababi va h.)ni bilishga intilganlar, M.larda ularning olam haqidagi bilimlari oʻz ifodasini topgan. M.larda yaratilgan obrazlar (maʼbudlar, turli maxluqlar va h.) ular uchun ijodiy tasavvur mahsuli emas, aksincha, asl haqiqatdir. Deylik, qadimgi yunonlar chaqmoq chaqishini Zevsning, dengizdagi dahshatli dovullarni Poseydonning gʻazablangani bilan izohlaganlar, inson taqdiridagi turfa evrilishlarda ilohlarning aralashuvini koʻrganlar. Keyincha, mifologiyadan ijtimoiy ongning din, fan, sanʼat, adabiyot, siyosat kabi sohalari ajralib chiqqanidan soʻng, M.lar ularning tarkibiga singib ketadi. Buni adabiyot misolida koʻradigan boʻlsak, qadimgi M.lar antik adabiyotda oʻzining ikkinchi umrini yashay boshlaganiga amin boʻlish mumkin. Zero antik adabiyotdagi koʻplab asarlarga mifologik syujetlar asos boʻlgani, ularda mifologik unsurlardan keng foydalanilgani buning yorqin dalilidir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish