← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mifologik maktab

Mifologik maktab – XIX asr Yevropa adabiyotshunosligida vujudga kelgan ilmiy yoʻnalish. M.m.ning falsafiy negizini F.Shelling, A.Shlegel va F.Shlegel kabi mutafakkirlar taʼlimoti tashkil etadi. Bu mutafakkirlar estetikasida miflar juda katta oʻrin tutadi. Ularga koʻra, adabiyot va sanʼatning vujudga kelishiga miflar asos boʻlgan, mif – poeziyaning javharidir. Maʼlumki, romantizm ekzotikaga moyillik bilan xarakterlanadi, ayni shu narsa xalq ogʻzaki ijodiga qiziqish kuchayganining bosh omili boʻldi. Zero, klassitsizm davri sigʻingan antik etalonlardan, maʼrifatchilik topingan aql kultidan bezgan romantizm vakillari xalq ogʻzaki ijodida chinakam ekzotika, bitmas-tuganmas xazinani koʻrdilar. Shuning uchun xalq ogʻzaki ijodi namunalarini toʻplash va nashr qilish, ularni atroflicha tadqiq etish ishlari avj oldi. Bunda nemis olimlari – aka-uka Grimmlar, ayniqsa, jonbozlik koʻrsatdilar: 1812 yilda ular toʻplagan ertaklarning ilk jildi chop etildi; folklorshunoslik sohasidagi tadqiqotlari asosida “Nemis mifologiyasi” (1835) asari yaratilib, unda M.m.ning nazariy qarashlari tugal shakllantirildi. Aka-ukalar adabiyotning paydo boʻlishini nemis romantizm falsafasidagi xalq ruhi tushunchasi bilan bogʻlaydilar: gʻaybdan ilhomlantiriluvchi xalq ruhi avval miflarni yaratadi, keyin esa miflardan epos, ertak, lirik qoʻshiq va sh.k. boshqa janrlar tugʻiladi; ilohiy ilhom tufayli yaralgani uchun ham folklor – xalq ruhining anglanmagan ijod mahsuli, uning shaxssizligi ham shu bilan bogʻliqdir. Aka-uka Grimmlar turli xalqlar folklorini qiyosiy oʻrganishadi, ularda kuzatiluvchi oʻxshashliklarni esa, xuddi barcha hind-yevropa tillari uchun umumiy bobo til (sanskrit) boʻlgani kabi, barcha xalqlar (xususan, hind-yevropa xalqlari) uchun umumiy qadimgi mifologiya mavjud boʻlgani bilan izohlashadi. Yevropaning turli mamlakatlarida koʻplab izdoshlari boʻlgan M.m.ning ilmiy izlanishlari, asosan, ikki (etimologik va analogik) yoʻnalishda kechdi. Birinchi yoʻnalish (A.Kun, M.Myuller, F.Buslayev va b.) oʻz oldiga qadimgi miflar mazmunini tiklash, ularning paydo boʻlish sabablarini aniqlashni maqsad qilib qoʻysa, ikkinchisi (V.Shvars, V.Manxard va b.) turli xalqlar folklorini qiyosiy oʻrganish orqali oʻxshashliklarni aniqlash yoʻlidan bordi. M.m.ning bir qator qarashlarini keyingi davr adabiyotshunosligi inkor qilgan boʻlsa-da, u adabiy nazariy tafakkur taraqqiyotida sezilarli iz qoldirdi. Jumladan, xalq ogʻzaki ijodi namunalarini yozib olish va chop etish ishlarining yoʻlga qoʻyilgani, mifologiya, folklor va yozma adabiyot namunalarini qiyosiy oʻrganishning boshlab berilgani bevosita M.m. faoliyati bilan bogʻliqdir. Shuningdek, M.m.ning nazariy qarashlarini ijodiy rivojlantirib (q. ritual-mifologik tanqid) yoki inkor qilgan holda (q. sayyor syujetlar nazariyasi) yangi yoʻnalishlarning maydonga chiqqani ham uning adabiyotshunoslik rivojiga jiddiy taʼsir etganinini koʻrsatadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish