← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mistifikatsiya

Mistifikatsiya, adabiy mistifikatsiya (yun. mystes – sirga oshno, facio – qilaman) – 1) asarning muallif tomonidan atayin boshqa bir shaxs (yo haqiqatda mavjud yo toʻqima)ga tegishli, oʻzga shaxs tomonidan yozilgan qilib koʻrsatilishi. Muallifning yashirin qolishga intilishi jihatidan adabiy M. anonim (imzosiz eʼlon qilingan yoki tarqalgan asar) va taxallus qoʻllash (yaʼni yashirin qolish maqsadida asarni taxallus bilan eʼlon qilish)ga yaqin. Ulardan farqli tomoni shuki, adabiy M.da asar nisbat berilayotgan muallifning uslubi, ruhiyati, dunyoqarashi va sh.k. individual jihatlarni yaratish orqali real muallifdan tamom oʻzga muallif obrazi vujudga keltiriladi. Mas., keyingi yillar oʻzbek matbuotida eʼlon qilingan Usta Gulmat gʻazallari buning yorqin namunasi boʻlib, ularda haqiqiy muallif A.Obidjondan tamom oʻzga muallif obrazi – lirik qahramon boʻy koʻrsatadi. Usta Gulmat gʻazallaridan bir turkumini “Sharq yulduzi”da eʼlon qilarkan, haqiqiy muallif unga muxtasar soʻz boshini ilova qiladi. Unda, jumladan: “Ahli shuaroga maʼlum boʻlgʻaykim, Gulmat Shoshiyning soʻnggi gʻazallarini tiklash ishlari nihoyasiga yetdi. Gʻazallarning bu qismi 1916 va 1917 yilning boshlariga toʻgʻri keladi”, – deyiladi. Tabiiyki, haqiqiy muallif turkumda nisbat berilgan muallifga xos uslubni ham, gʻazallar nisbat berilayotgan davrga xos mazmun va ruhni ham tiklaydi, hech joyda oʻz nomini keltirmaydi; 2) hikoyani asoslash (motivirovka) maqsadida qoʻllanuvchi badiiy usul, epik asarlarda voqealarning tasodifan yozuvchi qoʻliga tushib qolgan birovning xati, kundalik daftari, qoʻlyozmasi va sh.k. yoʻsinlarda bayon qilish. Biroq mazkur usul sifatidagi M.ning dastlabki maʼnodagi M.dan farqi shuki, birinchidan, bunday asarlarda muallif yashirin qolish maqsadini koʻzlamaydi, ikkinchidan, ularda muallif obrazi u yoki bu tarzda (mas., kundalik, xat, qoʻlyozma va sh.k.larni topib olgan va shunchaki eʼlon qilayotgan shaxs sifatida) hamisha aks etadi. Asar toʻlasicha shu usul asosiga qurilishi ham, M. yoʻsinidagi bayon rivoyaning bir qismini tashkil qilishi ham mumkin (mas., O.Yoqubov. “Koʻhna dunyo” – Juzjoniy kundaliklari; O.Muxtor. “Ming bir qiyofa” – Abdulla Hakimning mashq daftari).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish