← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Modernizm

Modernizm (fr. moderne – eng yangi, zamonaviy) – XIX asr oxiri – XX asr boshlarida ommalashgan termin, sanʼat va adabiyotda dekadansdan keyin maydonga chiqqan norealistik oqimlarning umumiy nomi sifatida tushuniladi. Tabiiyki, adabiyot va sanʼatda keng tarqalgan mazkur hodisa boʻsh joyda paydo boʻlgan emas, uning kurtaklari avvaldan mavjud edi. Jumladan, ilgariroq vujudga kelgan “sanʼat vosita emas – maqsad”, “sanʼat – oʻzni ifodalash”, “sof sanʼat” qabilidagi nazariy qarashlar, barokko doirasida sanaluvchi manyerizm, gongorizm, pretsioz adabiyot namoyandalarining ijod amaliyotida M.ga xos jihatlarni kuzatish mumkin. Aslida, adabiy jarayonda hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari (realistik va norealistik), adabiyotning mohiyati, bilish imkonlari, vazifasi va sh.k. masalalarda ziddiyatli qarashlar azaldan mavjud boʻlgani eʼtiborga olinsa, M. kurtaklarini juda qadim zamonlardan ham topish mumkin boʻladi. Yaʼni M.ga realistik va norealistik yoʻnalishlar orasidagi ziddiyatning muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoitda quyuqlashib, keskin namoyon boʻlishi, yangilangan nazariy asoslarga ega boʻlishi va ommalashishi sifatida qarash mumkin. M. oʻtgan asr oxirlaridan boshlab maydonga chiqqan, ijodiy dasturlari va ijod amaliyoti jihatidan turli-tuman adabiy maktab va yoʻnalishlar (ekspressionizm, impressionizm, simvolizm, akmeizm va b.) oʻziga asos bilgan estetik tizim, ijodiy metod sifatida tushuniladi. M. doirasidagi maktab va oqimlar nechogʻli turfa boʻlmasin, ularni umumlashtiruvchi qator nuqtalar mavjud. Avvalo, dunyoqarash jihatidan ular nafaqat XIX asrda ommalashgan pozitivizm, balki asrlar davomida shakllangan anʼanaviy xristian dunyoqarashidan ham deyarli uzilib, F.Nitsshe, Z.Freyd, A.Bergson, U.Jeyms kabi mutafakkirlar qarashlaridan oziqlanadi. Shunga mos tarzda M. yoʻnalishidagi maktab va oqimlarning aksariyati adabiy-madaniy anʼanalarni ham turli darajada inkor qiladi va yangi davrga mos yangi adabiyot yaratish daʼvosini olgʻa suradi. Yangi adabiyot voqelikni realistik tasvirlashdan voz kechib, uni idrok qilish mumkin emas deb biladi, insonning hissiy bilish imkonidan tashqaridagi mohiyatga intuitiv tarzda yaqinlashishni koʻzlaydi (q. simvolizm); voqelikda sabab-natija asosidagi tartibot mavjudligini qabul qilmaydi (q. absurd), unda voqelik goh birdan paydo boʻlgan oniy taassurotlar yigʻindisi (q. impressionizm), goh tanib boʻlmas darajada oʻzgargan, tasodif va gʻaroyibotga toʻla makon (q. syurrealizm) sifatida akslanadi. M.ga xos umumiy xususiyatlardan biri shuki, u obyektiv voqelikning tasviri oʻrniga uning ijodkor tasavvuridagi badiiy modelini yaratishni maqsad qiladi. Yaʼni bu oʻrinda voqelikni aks ettirish emas, ijodkorning oʻz-oʻzini ifodalashi (q. ekspressionizm) ustuvor ahamiyat kasb etadi. Ijodda subyektivlikning oldingi oʻringa chiqarilishi, mantiqiy bilishdan intiutiv bilishning yuqori qoʻyilishi, inson ichki olamida kechuvchi tizginsiz evrilishlarga ayricha eʼtibor berilishi (q. ong oqimi), ijodkor shaxs ijodiy taxayyuli va u aks ettirgan voqelikning betakror hodisa sifatida tushunilishi, oʻz oʻy-hislarini hech qanday (maʼnaviy, axloqiy, siyosiy va h.) cheklovlarsiz ifodalash huquqining eʼtirof etilishi ham M.ga xos xususiyatlardandir. Ijodiy erkinlik nafaqat gʻoyaviy-mazmuniy, balki shakliy izlanishlarda ham mutlaqo daxlsiz. M. asrlar davomida shakllangan adabiy kanonlarni inkor qiladi va har qanday normativlikka qarshi (q. futurizm) turadi. Bu hol M.dagi badiiy obraz strukturasi, asarning subyektiv va obyektiv tashkillanishi, bayon tarzi, syujet-kompozitsion qurilishi, til xususiyatlari – xullas, adabiy asarning barcha sathlarida shakliy oʻziga xosliklarni yuzaga keltiradi.

M. oʻz ichiga sanʼatning mohiyati va mavjudligi haqida bir-biridan jiddiy farqlanuvchi qarashlarga asoslangan va, ayni chogʻda, qator mushtarak jihatlarga ega turfa oqim va maktablarni birlashtirgan falsafiy-estetik hodisa boʻlib, u XX asr adabiyoti va sanʼatida chuqur iz qoldirdi. U koʻplab ulugʻ adiblar (mas., F.Kafka, J.Joys va b.) tayangan ijodiy tamoyillarni belgiladigina emas, yaxlit olganda realizm mavqeida turgan qator adiblar (M.Prust, V.Vulf) ijodiy yoʻsiniga ham jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Shu oʻrinda M.ga berilgan taʼriflarning farqli ekani, uning yuzaga kelish vaqti, davrlashtirilishi kabi masalalarda bildirilgan fikrlarda jiddiy tafovutlar borligi, nihoyat, unga munosabatning turlicha ekanligini ham taʼkidlab oʻtmoq joiz. Jumladan, shoʻro davri adabiyotshunosligida M.ga salbiy hodisa deb qaraldi, burjua mafkurasining xizmatchisi, kapitalistik turmush tarzi, axloqsizlik, individualizm va sh.k. illatlarni targʻib qiluvchi adabiy hodisa sifatida baholandi. Albatta, bu xil ayblovlarni butkul asossiz deyish ham adolatdan emas. Biroq shoʻro imperiyasidan tashqaridagi juda katta hududga yoyilgan, koʻplab mutaraqqiy xalqlarning eng yorqin isteʼdodlarini oʻziga jalb etib, adabiyot va sanʼatiga kuchli taʼsir oʻtkazgan hodisani bunday biryoqlama baholash “magʻzavaga qoʻshib chaqaloqni ham toʻkib yuborish”ning ayni oʻzi edi. Zero, adabiyot tarixi realistik va norealistik ijodiy tamoyillar orasidagi kurash jarayoni, ayni chogʻda, ularning bir-birini toʻldirish, boyitish jarayoni ham boʻlganini koʻrsatadi. Hatto, shoʻrolarning mafkuraviy ihotasi ham bu tabiiy jarayonning kechishini batamom yoʻq qilishga ojiz edi. Xususan, rus adabiyotida inqilobgacha mavjud boʻlgan M. adabiyoti anʼanalarining taʼsiri shoʻro davrida ham qator ijodkorlar asarlarida saqlanib qoldi; xorijdagi rus adabiyoti, shoʻro davri bergan imkon darajasidagi Gʻarb adabiyotidagi yangiliklardan xabardorlik ham beiz ketmadi. Bundan tashqari, shoʻro davlati tarkibiga 40-yillarda qoʻshilgan Boltiqboʻyi xalqlari adabiyoti, ikkinchi jahon urushidan keyin sotsialistik lagerni tashkil qilgan va oʻzida demokratik tamoyillarni bir qadar saqlab qololgan mamlakatlar adabiyotlari bilan aloqalar shoʻro adabiyotining M. adabiyotidan butkul uzilib qolishiga imkon bermadi. Shu omillar natijasi oʻlaroq, 80-yillarga kelib oʻzbek adabiyotida M. ga xos ayrim xususiyatlar bavosita ijodiy oʻzlashtirila boshlangani (M.M.Doʻst, A.Aʼzam, O.Muxtor, Gʻ.Hotam va b.), 90-yillardan keyin esa koʻproq modern yoʻnalishida ijod qiluvchi qator yoshlar (N.Eshonqul, T.Rustam, B.Roʻzimuhammad, Faxriyor va b.) maydonga chiqqani kuzatiladi. Hozircha oʻzbek adabiyotshunosligida mazkur hodisani oʻrganish “maʼqullash – inkor qilish” tarzidagi bahslar doirasidan chiqqanicha yoʻq, uni fundamental asosda tadqiq etish ertaning vazifasi boʻlib qolmoqda.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish