← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Monolog

Monolog (yun. monos – yakka, logos – soʻz) – yakka shaxsning ayni paytda javob berilishini talab qilmaydigan, oʻzgalar replikalari bilan boʻlinmagan nutqi. M. ogʻzaki shaklda (turli yigʻinlardagi nutq, maʼruza, hisobotlar) ham, yozma shaklda (publitsistika, memuarlar va h.) ham keng qoʻllanadi. Badiiy adabiyotda M.lardan turli maqsadlarda foydalaniladi. Ayniqsa, dramatik asarlarda M.larning badiiy-estetik vazifalar doirasi ancha keng. Jumladan, M. – dramatik personajning ruhiy holati, uning ongiyu qalbida kechayotgan jarayonlarni tasvirlashning asosiy shakli. Ayni chogʻda, shartli ravishda tasvirlanuvchi bunday ruhiy jarayonlar voqealarga gʻoyaviy-hissiy munosabatni ifodalash, ayrim muhim tafsilotlarni berish, syujet rivojini asoslash kabi qator muhim funksiyalarni ham bajaradi. M. lirikaning ustuvor nutq shakli, lirik qahramon kechinmalari, asosan, uning M.i orqali ifodalanadi. Bu narsa ijroviy lirika namunalarida, ayniqsa, yaqqol koʻzga tashlanadi, shuning uchun ham amaliyotda bunday sheʼrlar monolog deb ham yuritiladi (A.Oripov. “Hamza”; X.Davron. “Abulhay soʻzi”). Sifat jihatidan M.ning turli koʻrinishlari mavjud (q. badiiy nutq, ichki monolog).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish