← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Montaj

Montaj (fr. montage – yigʻmoq) – kino sanʼatidan oʻzlashtirilgan termin, turli makon va zamonda kechgan voqealar tasvirining bir-biriga toʻgʻridan-toʻgʻri ulanishini anglatadi. Kinoning rivojlanishi, uning soʻz sanʼatiga taʼsiri natijasi oʻlaroq, M. adabiyotda ham kompozitsion usullardan biri sifatida keng qoʻllana boshladi. Aslida, M.ga xos ayrim xususiyatlar, jumladan, voqeaband asarda turli makon va zamonda kechib, bir-birining uzviy davomi boʻlmagan va bir-biriga faqat mazmunangina bogʻlangan voqea(epizod)larning tasvirlanishi adabiyotda eskidan mavjud edi. Kino sanʼatida M. usuli yanada rivoj topdi, natijada soʻz sanʼatida ham uning imkoniyatlaridan kengroq foydalanila boshlandi. Endilikda epik asarlarda bir qarashda bir-biriga bogʻliq boʻlmagan voqea (epizod)larni alohida, oʻz holicha mustaqildek joylashtirish ham mumkin boʻlayotirki, sirtdan aloqasizdek koʻringan bu parchalar badiiy niyat, gʻoya asosida bir butunlikni hosil qiladi. Oʻzbek adabiyotida M.ning bu xili ilk bor Gʻ.Gʻulomning “Netay” qissasida sinab koʻrilgan boʻlsa, uning yaxshi namunalaridan biri sifatida Ch.Aytmatovning “Qiyomat” romanini koʻrsatish mumkin. Har ikki asarda ham qismlarning shakliy bogʻlanishi shartli va ancha zaif, shunga qaramay, ular konseptual asosda bir butunga birikadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish