← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Motiv

Motiv (lot. moveo – harakatlantiraman) – musiqashunoslikdan oʻzlashtirilgan termin. M. musiqada asarning eng kichik shakl birligi sanalib, asar uning aynan takrorlanishi (shuningdek, oʻzgartirilishi yoki zid M.lar kiritish) asosida rivojlanadi. Adabiyotshunoslikda M. termini turlicha maʼnolarda qoʻllanadi. Jumladan, voqeaband asarlarda M. syujet sxemasi (mas., qahramon bandi etiladi, unga biron-bir qiz yordam beradi; oʻgay ona va mushtipar soliha qiz; qahramon kimsasiz yetimlikdan yuksak martabaga yetadi; qahramon otasini tanimaydi, favqulodda vaziyatda unga duch keladi va h.) yoki biron bir narsa (mas., koʻzgu, tumor), holat (mas., tush koʻrish, arvoh bilan suhbat, oʻzini tanitmay yurish), obraz (dono vazir, vafodor doʻst, raqib) kabi qator koʻrinishlarda voqe boʻladi. M.ga xos muhim jihatlardan biri muayyan turgʻunlikka egalikdir. Yaʼni M.lar yarim tayyor holda olinadi: mavjud M.lar aynan emas, oʻzak saqlab qolingani holda yozuvchining badiiy fantaziya imkoniyati va ijodiy niyatidan kelib chiqib turli variantlarda talqin etiladi. Mas., “Alpomish”dagi Qorajon, “Farhod va Shirin”dagi Shopur, “Oʻtgan kunlar”dagi usta Olim – bari doʻst motivining turli variantlari boʻlib, ular asar syujetidagi funksiyalari, badiiy konsepsiyani ifodalashda tutgan oʻrni jihatidan farqlanadi. Lirikada ham M.lar keng oʻrin tutadi. Xususan, anʼanaviy tarzda ishlatiluvchi “oshiq – yor – agʻyor”, “kutayotgan oshiq – kelmagan yor”, “borligʻini tutgan oshiq – beparvo yor” singari qator lirik syujet M.lari turli variantlarda qoʻllanib, lirik qahramonning turfa oʻy-hislarini loʻnda va taʼsirli ifodalashga xizmat qiladi. Shuningdek, bir shoir ijodi yoki bir davrda yashagan shoirlar ijodi doirasida takrorlanuvchi poetik obrazlar M.-obrazlar sanaladi. Mas., Choʻlpon sheʼriyatida “yoʻlchi”, “yoʻl”, “yulduz” poetik obrazlari juda koʻp qoʻllangan boʻlib, ular Elbek, Botu, Oybek, U.Nosir asarlarida ham tez-tez uchraydi. Shu oʻrinda M.larning tagmaʼnoga ishora qilish funksiyasini ham taʼkidlash joiz. Jumladan, “yoʻl”, “yoʻlchi”, “yulduz” motivlari ijtimoiy mazmunga (“yoʻl” – kurash, “yoʻlchi” – kurashchi, “yulduz” – maqsad) ishora qiladi. Poetik M.lar mazmun jihatidan muayyan “uya”ni tashkil qiladi, “uya”dagi M.lar matnda aksar hollarda birga qoʻllanadi yoki nazarda tutiladi (mas., “qush” M.i hamisha “parvoz”ni nazarda tutgan holda anglanadi). Tildagi soʻzlar kabi M.lar maʼno jihatidan kengayib yo torayishi, baʼzan esa tamomila oʻzgarib borishi mumkin. Mas., mumtoz sheʼriyatda “yor” – Haq, “oshiq” – Haq yoʻlidagi soʻfiy, “visol” – Haqqa yetish maʼnolarini bergan boʻlsa, Choʻlpon sheʼriyatida ular ijtimoiy mazmun kasb etadi: “yor” – erk, istiqlol, “oshiq” – erk va istiqlol yoʻlidagi kurashchi, “visol” – maqsadga erishish.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish