← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Motivirovka

Motivirovka (fr. motiver – asoslash, dalillash) – adabiy asarda tasvirlanayotgan voqea-hodisalar, personajlarning xatti-harakatlari, his-tuygʻu va gap-soʻzlarini badiiy asoslash. Adabiyot taraqqiyotining ilk bosqichlarida M.ning zarurati boʻlmagan, unda muayyan hodisalar, qahramonlar taqdiridagi burilishlar, konkret hayotiy holat va sh.k.lar ilohiy, gʻayritabiiy kuchlar aralashuvi bilan izohlangan. Realistik tendensiyalarning kuchayib borishi bilan adabiyotda M.ning ahamiyati ham ortib borgan. Dunyoni badiiy idrok etish va tushuntirishga intilgan realistik adabiyotda M. hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi: realistik asardagi har bir voqea, personajlar xatti-harakati, his-tuygʻu yoki gap-soʻzlari badiiy asoslanadi, yaʼni oʻzining ijtimoiy-tarixiy, maʼnaviy-psixologik va sh.k. omillariga ega boʻladi va shu bois ularni mantiqan izohlash mumkin. Mas., Choʻlpon “Qor qoʻynida lola” hikoyasida Samandar akaning Eshon sovchilariga “Bir qizimiz boʻlsa, hazrat eshonimizgʻa tutdik...” deya javob berishini puxta dalillashga intiladi. Buning uchun avval muallif xarakteristikasida “ot chiqargʻon savdogar” Samandar akaning singani va eshonga qoʻl berib, “soʻfi boʻlib qolgʻon”i, yaʼni personaj hayotidagi burilish, omadsizlik unga kuchli ruhiy taʼsir qilgani aytiladi. Keyin “eshonnikida katta va qizgʻin zikr boʻlgan”i, nazr-niyoz berish marosimida Samandar aka oʻzi tushib qolgan ahvoldan nechogʻli ezilgani, shu asno soʻfining “Ha, boy aka, nazrdan darak bormi?” deya tagdor mazaxlashidan ogʻringan nafs toʻlgʻonishlari, alamli oʻylari tasvirlanadi. Nihoyat, uyiga qaytib, eshondan sovchilar kelganini eshitadi va “Bir qizimiz boʻlsa, hazrat eshonimizgʻa tutdik...” degan qarorini beradi. Mazkur qaror qator omillar asosida yetilgan, yozuvchi ularni ochib beradi, yaʼni sabab-natija aloqalari asosida badiiy asoslaydi va shu tufayli oʻquvchi personaj ayni sharoitda xuddi shunday qarorga kelishiga ishonadi. Bundan koʻrinadiki, M. asar butunligida amalga oshadi, buni his qilish uchun esa asardagi hech bir unsurni eʼtibordan chetda qoldirmaslik talab etiladi. Zero, realistik asarda qator kompozitsion unsurlar, usul va vositalar (detallar, muallif xarakteristikasi, personajning oldingi tarixi, retrospeksiya va sh.k.) oʻzining bevosita funksiyasi bilan bir qatorda, badiiy dalillashga ham xizmat qilaveradi. Keyingi davr adabiyotida, xususan, modernistik yoʻnalishdagi asarlarda M. oʻzining mavqeini yoʻqotgan. Ularda gʻayrioddiy (q. syurrealizm), sabab-natija tarzidagi ichki aloqaga ega boʻlmagan voqea va holatlar (mas., absurd adabiyoti), personajlarning doim ham mantiqan izohlab boʻlmaydigan kutilmagan xatti-harakatlari, tabiiy kechayotgan tizginsiz oʻy-hislari (q. ong oqimi)ni tasvirlash odatiy hol hisoblanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish