← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Muallif

Muallif (ar. مولف – tuzuvchi, tartib beruvchi) – adabiy asarni yaratgan odam, avtor terminiga sinonim sifatida ishlatiladi. Zamonaviy adabiyotshunoslikda biografik M. bilan badiiy matnda namoyon boʻluvchi M. (q. muallif obrazi) farqlanadi. Biografik M. – real hayotda mavjud boʻlgan, muayyan asarning yaratuvchisi, unga nisbatan mualliflik huquqiga ega boʻla oladigan shaxs. Hozirgi vaqtda biografik M. faoliyati bilan bogʻliq ravishda mualliflik huquqi, mualliflik shartnomasi, muallif qoʻlyozmasi, mualliflashtirilgan matn, muallif tarjimasi kabi qator tushunchalar amaliyotda faol ishlatiladi. Holbuki, M. tushunchasi soʻz sanʼatining ilk bosqichlarida – xalq ogʻzaki ijodida boʻlmagan; adabiyot taraqqiyoti davomida, badiiy tafakkur rivojida alohida ijodkor shaxs roli, uning ijodiy tajribalari nechogʻli muhim ekanligi anglanib borilishi barobaridadada M. tushunchasi ham qaror topib, tobora katta ahamiyat kasb etib borgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish