← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Muallif nutqi

Muallif nutqi – adabiy asardagi bevosita muallif tilidan berilgan bayon, tavsif, izoh va sh.k. oʻrinlar. Garchi biz “badiiy asar tili” desak-da, aslida, gap “badiiy nutq” haqida boradi, chunki adabiy asar til unsurlari vositasida yaratilgan tekst, yaʼni nutq hodisasidir. Badiiy nutq uslubiy jihatdan farqlanuvchi komponentlarning birikuvidan hosil boʻladi: unda M.n. bilan personajlar nutqi ajratiladi. Mazkur farqlanish, asosan, epik va liro-epik xarakterdagi asarlarga xos boʻlib, ularda voqea, voqea kechayotgan joy yoki sharoit tasviri, personajlarga berilayotgan taʼrif, muallif fikr-mulohazalari va sh.k.lar bevosita muallif tilidan beriladi. Muallif obrazi asarda tasvirlangan va tasavvurimizda jonlanuvchi badiiy voqelikni yaxlitlashtiruvchi subyektiv asos boʻlganidek, M.n. asarning moddiy tarafini (til unsurlari vositasida yaratilgan matnni) yaxlitlashtiruvchi unsurdir. M.n. grammatik jihatdan adabiy til normalariga yaqinlashadi, biroq uning adabiy til normalariga toʻla muvofiq kelishini talab qilish xato boʻlur edi. Zero, yozuvchi oʻzining his-kechinmalarini, oʻy-fikrlarini imkon qadar yorqin ifodalashga intilarkan, baʼzan adabiy til normalaridan chekinadi, bu bilan milliy til imkoniyatlarini kengaytirishga hissa qoʻshadi, chunki ayni shu chekinishlarning vaqti kelib adabiy til normasiga aylanishi ehtimoldan yiroq emas.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish