← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Muallif obrazi

Muallif obrazi – badiiy asar matnida anglashilib turuvchi muallif shaxsi. Muallif shaxsi asar badiiy voqeligiga singib ketadi, chunki badiiy voqelik ijodkor tomonidan koʻrilgan va ideal asosida ijodiy qayta yaratilgan voqelikdir. M.o.ning namoyon boʻlishi konkret asarning turga mansubligi, janr xususiyatlari bilan bogʻliq. Mas., dramatik asarda M.o. yoʻqdek, lekin unda tasvirlanayotgan voqeani tanlagan, uni u yoki bu tarzda tasvirlagan muallifning qarashi, nuqtai nazari, badiiy konsepsiyasi baribir anglashilib turaveradi. Lirik asarlarda esa his-tuygʻular koʻproq “men” tilidan ifoda etilgani uchun lirik subyektni shoir deb bilishga moyilmiz. Holbuki, garchi kechinmalar “men” tilidan berilayotan boʻlsa ham, lirik subyekt hammavaqt shoirning oʻzi boʻlmaydi. Yoki ijroviy lirika namunalarida shoir rolini ijro etayotgan shaxsga evriladi, uning tilidan “men” shaklida gapiradi (mas., A.Oripov. “Hamza”). Shunga oʻxshash, rivoya “men” tilidan olib borilgan epik asarlardagi roviy-muallif ham biografik muallifga teng emas. Boshqacha aytsak, asardagi M.o.ga biografik muallifning koʻp jihatlari singgani holda, ular orasida maʼlum darajadagi prototip – badiiy obraz munosabati mavjud. Zero, badiiy asarda biografik muallif ideal olamida yashagan ijod onlaridagi betakror maʼnaviy-ruhiy holat, uning shu vaqt mobaynida tasavvurdagi oʻquvchisi bilan muloqoti aks etgandir. Shunga koʻra, real muallif biografiyasi asarni tushunish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri “kalit” emas, balki oʻsha betakror maʼnaviy-ruhiy holatni his etishimiz uchun asosdir. Ikkinchi tomondan, M.o. asardagi badiiy voqelikni yaxlitlashtiruvchi kompozitsion asos sifatida ham muhim: oʻquvchi badiiy voqelikni muallif orqali “koʻradi”, “eshitadi”, “his qiladi”. Nihoyat, M.o. badiiy konsepsiya nuqtai nazaridan ham muhim: muallifning tasvir predmetiga gʻoyaviy-hissiy munosabati asarning oʻquvchi tomonidan muayyan yoʻnalishda tushunilishini boshqaradi. Bular bari M.o. adabiyotshunoslikdagi muhim ilmiy kategoriyalardan biri ekanini koʻrsatadi. Shunga qaramay, XX asr oʻrtalaridan boshlab Gʻarb adabiyotshunosligida “muallif oʻlimi” konsepsiyasi paydo boʻldi. Unga koʻra, badiiy ijodda subyektivlik izlari yoʻqoladi va subyektdan mosuvo boʻlgan matngina qoladi. Mazkur konsepsiyaga qoʻshilish shu jihatdan qiyinki, adabiy asar – nutq hodisasi, nutq esa subyektdan mosuvo boʻlolmaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish