← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Muallif chekinishlari

Muallif chekinishlari, avtor chekinishlari – epik asarlarning matniy unsurlaridan biri, syujet voqealari bayoni (rivoya)ni toʻxtatib, muallifning oʻquvchiga bevosita murojaat qilishi yoki falsafiy, publitsistik, lirik, adabiy-tanqidiy va sh.k. masalalarda mushohadaga berilishi. Anʼanaviy tarzda qoʻllanuvchi lirik chekinish (q.) termini mazkur tushunchaning bir qisminigina qamrab oladi. Yaʼni lirik chekinishlar ham mohiyatan M.ch.ning bir koʻrinishidir. Mas., “Oʻtgan kunlar”da muallifning “Men – yozgʻuvchi...” deya roman voqealarini bobosidan koʻp bor eshitgani va kundosh mojarolarini zerikarli boʻlgani sabab tashlab ketmoqchiligini aytishi, “Navo kuyi” bobida romanda tasvirlangan tarixiy davr (“Xalqimiz taʼbiricha, bu zamonlar musulmonobod boʻlsa-da, biroq bu tantanalik taʼbirni buzib qoʻyaturgʻan ishlar ham yoʻq emas edi”) haqidagi mulohazalar; “Mehrobdan chayon”da Raʼnoga taʼrif berish asnosi ism bilan jism muvofiqligiga toʻxtalib, oʻz yoshligidan bir (Lola ismli qiz bilan bogʻliq) voqeaning muxtasar hikoya qilinishi – bularning bari M.ch.dir. M.ch.ning badiiy-estetik funksiyalari turlicha boʻlishi mumkin. Jumladan, M.ch.ning bir turi boʻlmish lirik chekinishlarning birlamchi funksiyasi tasvir predmetiga munosabatni ifodalash, shuning uchun ham ularda hissiy boʻyoqdorlik, emotsionallik kuchli boʻlib, bu narsa nutq qurilishida ham oʻz aksini topadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish