← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Muammo

Muammo (ar. معمي – koʻr qilingan, koʻrmaydigan) – mumtoz sheʼriyatdagi topishmoq janrlardan biri, koʻproq fard, yaʼni bir baytdan (2-3 baytlilari kam uchraydi) tashkil topuvchi sheʼriy asar. M.da biror ism (yoki joy nomi) yashiringan boʻlib, uni topish uchun baytdagi biror soʻz (yoki birikma) ustida ishora qilingan amallarni bajarish lozim boʻladi. Ushbu amallar soʻzning arab yozuvidagi shakli bilan bogʻliq, goh soʻzni chappa oʻqish, goh biron bir harfni tushirib qoldirish yoki qoʻshish, goh harflar oʻrnini almashtirish kabi koʻrinishlarda boʻladi. Xuddi shu narsa M.ni narsa-hodisaga xos belgilarni vasf etish bilangina jumboq hosil qiluvchi lugʻz (q.)dan farqlab turadigan oʻziga xos xususiyatdir. Shuningdek, ayrim manbalarda M.da biror ismning yashirilishi ham shunday xususiyat sifatida koʻrsatiladi. Mas., Navoiyning quyidagi muammosini olaylik:

Chok bagʻrim tarfin aylading ikki parkand,

Birini tashlabon oxir birin etting payvand.

M.dagi “bagʻir” soʻzi arab yozuvida faqat undoshlar bilan ifodalanadi, yaʼni “bgʻr” (بغر) tarzida yoziladi. “Bagʻir”ni “ikki parkand”qilib (parchalab), ulardan birini oxiriga tashlab payvandlash kerakligiga ishora qilinmoqda. Shu shart bajarilib, “b” oxiriga olib payvandlansa, “gʻrb” (غرب) soʻzi kelib chiqadi. Demak, M.da “Gʻarib” ismi yashirilgan ekan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish