← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Musallas

Musallas (ar. مثلث – uchlik) – musammat turlaridan biri, uch misrali bandlardan tarkib topuvchi sheʼr shakli; uch misrali band. M. sheʼr shaklida dastlabki band misralari oʻzaro qofiyalanadi (a-a-a), keyingi bandlarning dastlabki ikki misrasi oʻzaro, uchinchi misrasi esa birinchi band bilan qofiyalanadi. Xuddi shu shakl M.ning kanonik shakli sanaladi. Adabiyotimizda M. sheʼr shaklining har bir bandidagi misralari oʻzaro (a-a-a, b-b-b, v-v-v...), har bir bandi oʻrama (a-b-a, v-g-v, d-ye-d...) tarzida mustaqil qofiyalanuvchi, shuningdek, bandlararo kesishgan (a-b-a, b-v-b, v-g-v...) qofiyalanish tartibidagi koʻrinishlari ham uchraydi. A.Husayniy M.ni “ustodlar sheʼrida kamina nazarigʻa tushmagan” sheʼr shakllari qatorida sanaydi. Darhaqiat, M. shaklidan Atoyi, Lutfiy, Navoiy, Bobur kabi shoirlarimiz foydalangan emaslar, M.ning ommalashuvi adabiyotimizning keyingi davrlariga toʻgʻri kelib, uning yaxshi namunalari Uvaysiy, Hamza (Nihoniy) kabi shoirlar ijodida uchraydi. Shuningdek, uchlik sheʼr shakli Oybek, Mirmuhsin, A.Muxtor, Shuhrat, Gʻ.Gʻulom, R.Parfi, O.Matjon, O.Hojiyeva, A.Obidjon kabi shoirlarning barmoqda yozilgan sheʼrlarida ham qoʻllangan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish