← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Musajjaʼ

Musajjaʼ (ar. موسجع – sajʼli, qofiyali) – mumtoz adabiyotdagi qofiya bilan bogʻliq sheʼriy sanʼat. M. sanʼati asosida yozilgan baytlar bir-biri bilan hajman teng boʻlgan toʻrt boʻlakka boʻlinib, birinchi, ikkinchi va uchinchi boʻlaklar oʻzaro qofiyadosh, toʻrtinchi boʻlak esa asosiy qofiya bilan ohangdosh boʻladi. M. sanʼati baytga oʻziga xos ohang, musiqiylik baxsh etadi. Navoiy, Bobur, Mashrab, Furqat kabi mumtoz shoirlar ijodida, shuningdek, Erkin Vohidov sheʼriyatida M. sanʼatining koʻplab goʻzal namunalari uchraydi. Mas., Boburning quyidagi bayti M.ga yaxshi namuna boʻla oladi:

Davron gʻamin barbod qil, ishrat uyin obod qil,

Jonu koʻngulni shod qil, ovozu changu nay bila.

Agar mazkur baytning har bir boʻlagi bir misra koʻrinishiga keltirilsa, M. sanʼatini yaxshiroq tasavvur qilish mumkin boʻladi:

Davron gʻamin barbod qil,

ishrat uyin obod qil,

Jonu koʻngulni shod qil,

ovozu changu nay bila.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish