← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Musaddas

Musaddas (ar. مسدس – oltilik) – 1) musammat turlaridan biri, olti misrali bandlardan tarkib topuvchi sheʼr shakli; olti misrali band. M. sheʼr shaklida dastlabki band misralari oʻzaro qofiyalanadi (a-a-a-a-a-a), keyingi bandlarining avvalgi besh misrasi oʻzaro, oxirgi misrasi esa birinchi band bilan (b-b-b-b-b-a, v-v-v-v-v-a va h.) qofiyalanadi. Sheʼriyatimizda M.ning birinchi bandidagi oxirgi ikki misra keyingi bandlar soʻngida tarjeʼ sifatida takrorlanuvchi xili ham uchraydi, uning qofiyalanishi a-a-a-a-a-a, b-b-b-b-a-a, v-v-v-v-a-a koʻrinishida boʻladi (mas., Furqat. “Sayding qoʻyaber sayyod”). Oʻzbek mumtoz adabiyotida M. yozish, asosan, Navoiy ijodidan boshlangan, keyinchalik Mashrab, Ogahiy, Nodira, Uvaysiy, Furqat, Haziniy kabi shoirlar ham janr taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshganlar. Shuningdek, xuddi muxammas kabi M. mustaqil yoki oʻzga shoir gʻazali asosida yozilishi mumkin. M.ning keyingi xili oxirgi bandida gʻazal muallifi va M. bogʻlagan shoir taxalluslari keltiriladi. Mas., Navoiyning Husayniy gʻazali asosida yozilgan M.ining oxirgi bandi quyidagicha:

Chun Navoiy jonini may orzusi kuydurur,

Yoʻq gadoliqqa ajab mayxonalarda gar yurur,

Jurʼai dayr ahli berguncha zamone telmurur,

Shoh agar mundoq gadoni saltanatqa yetkurur,

Ey, Husayniy, saltanatdin oncha faxrim yoʻqturur

Kim, degaylar koʻyining xayli gadosidin meni;

2) aruzda ruknning baytda olti marta takrorlanishini bildiruvchi oʻlchov, M. vazn. Mas., agar foilotun rukni baytda oʻzgarishsiz olti marta takrorlansa, ramali musaddasi solim deb ataladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish