← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mushokil

Mushokil (ar. مشاكل – shakldosh) – aruz bahrlaridan biri, 1 ta foilotun (– v – –) va 2 ta mafoiylun (v – – – / v – – –) asllarining ketma-ket takroridan hosil boʻladi, qarib bilan shakldosh boʻlgani uchun shu nom bilan yuritiladi. Asosan, arab sheʼriyatida qoʻllanadi. Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida ham, Boburning “Muxtasar”ida ham mushokili musaddasi solim (– v – – / v – – – / v – – –) vazniga:

Necha sansiz firoqingda figʻon aylay,

Nola birla ulus bagʻrini qon aylay, –

bayti misol sifatida keltirilgan. Bundan tashqari, Bobur “Muxtasar”da M. bahrining yana oʻn yetti vaznini maxsus misollar bilan keltirgan. Jumladan:

Yoʻq seningcha jafokori jafojoʻy,

Yoʻq meningcha vafodori duogoʻy, –

bayti mushokili musaddasi makfufi maqsur (– v – – / v – – – / v – ~) vazniga misol qilingan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish