← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mushoira

Mushoira, mushoara (ar. مشاعره – sheʼr aytishish) – 1) shoirlar anjumani, sheʼr majlisi. Oʻtmish adabiy jarayonida M.lar muhim oʻrin tutadi, yana ham aniqrogʻi, oʻtmishda adabiy jarayon, koʻproq, M. shaklida kechgan. M.larda shoirlar oʻz asarlarini taqdim etish, ular haqidagi oʻzgalar fikrini bilish, shuningdek, boshqa shoirlar bilan ijodiy fikr almashish, hamkorlik qilish imkoniga ega boʻlganlar. Mumtoz adabiyotimizdagi bir qator janrlar, ayrim sheʼr sanʼatlarining yuzaga kelishi bevosita M. bilan bogʻlanadi: ularning bir qismi M. ishtirokchilarining bir-birlariga javob aytishi (tazmin, taxmis), boshqa bir qismi sheʼriy musobaqa (muammo, chiston, badiha) ruhi bilan bogʻliq holda vujudga kelgan. M.lar dastlab sanʼat va adabiyotga mehr qoʻygan podsho saroylarida, ijod ahliga homiylik qilgan badavlat kishilar xonadonlarida oʻtkazilgan. Xususan, Husayn Boyqaro saroyi va Navoiy xonadonida oʻtkazib turilgan M.lar davr adabiyoti taraqqiyotining muhim omillaridan boʻldi. Shu fikr Qoʻqon adabiy muhitining yuksalishida Umarxon, Xiva adabiy muhiti faoliyatida Muhammad Rahimxon Feruz saroylarida oʻtkazilgan M.larga nisbatan ham bemalol aytilishi mumkin. Ayni chogʻda, M.larni faqat podsholar yoki badavlat homiylar bilangina bogʻlash toʻgʻri boʻlmaydi, chunki sanʼatga mehri, tabʼi nazmi bor kishilar hamisha ijodiy muloqotga talpinadi, ularning oʻzaro yigʻinlari muntazam oʻtkazilib turilgan, ularda nafaqat sheʼriyat, balki umuman sanʼat xususidagi suhbatlar boʻlgan, oʻz sheʼrlaridan tashqari boshqa shoirlar, salaflar ijodidan namunalar oʻqilgan, ular tahlil qilingan, sharhlangan, munosabat bildirilgan. Mumtoz adabiyotimizning keyingi davrlarida shu anʼana ustuvorroq boʻldi: M.lar koʻproq madrasa hujralari, shoirlar xonadonlarida oʻtkazib turilgan. Mas., XIX asr oxiri – XX asr boshlarida goh “Koʻkaldosh”, goh “Beklarbegi” madrasalarida Tavallo, Toshqin, Sidqiy, Miskin, Xislat kabi shoirlar ishtirokida M.lar boʻlib turgan. Jumladan, Sidqiy “avzon, sajʼ, qofiya” kabi tushunchalarni shunday davralarda oʻrganganini eʼtirof etadi. Yoki Qoʻqonda oʻtkazilgan M.lar haqida Furqat yozadi: “... asr shuarolarikim, chunonchi: mavlono Muhyi, mavlono Muqimiy, mavlono Zavqiy, mavlono Nisbatdurlar, hamisha majlis bunyod aylab, zodai tabʼlarimizdin mushoira qilur erdik va bir gʻazalda tutabbuʼ koʻrsatib, bir mazmun har navʼ tarzda ifoda topar edi... va baʼzi vaqt tavsifi va husn taʼrifida gʻazal mashq aylab, qadimiy shuarolar devonlaridin bir shoʻx gʻazalni topib, unga har qaysimiz alohida muxammas bogʻlar edik. Digar sheʼr arboblari bizlar suhbatimizni orzu aylab kelur edilar. Agar biror margʻub gʻazal zodai tabʼ boʻlsa, tabiatlik kishilar nusxa soʻrab olur edilar”. Furqatning bu gaplari M.larning ahamiyati haqida yuqorida aytilgan fikrlarni tasdiqlaydi. Shuningdek, oʻtmishda maʼlum bir shoir muxlislarining yigʻinlari oʻtkazib turilgan boʻlib, bunday M.lar “bedilxonlik”, “fuzuliyxonlik”, “mashrabxonlik” kabi nomlar bilan yuritilgan; 2) ikki yoki undan ortiq shoir aytishuvi shaklidagi sheʼr. Ijodiy musobaqa ruhida yaratiluvchi bunday sheʼrlarda, odatda, maʼlum bir mavzu, radif, vazn, muayyan bir qofiyani saqlash talab qilinadi, bu esa sheʼrning bir butunligini taʼminlash omilidir. XIX asrda yashagan shoira Manzurabonu shunday deydi: “Aysh-ishrat botqogʻiga botib qolgan poshshaoyimlarni tanqid qiluvchi sheʼrning dastlabki:

Haddidin oshmasinlar vaysaqi poshshaoyimlar,

Eshon bobomga qilsin ming-mingni loshshaoyimlar, –

baytini Nozimaxonim aytgan boʻlib, biz yetti shoir davom ettirgan edik. Otincha ayam eng yaxshi chiqqan mushoiralarimizni bizdan xotira sifatida oʻz daftarlariga koʻchirib qoʻyar edilar. Oʻsha shoir dugonalarimning ismlari bunday edi: Muattar, Gulchehra, Nasiba, Parivash, Sayyora, Surayyo. Biz yetti shoir birgalikda qirqdan ortiq mushoira – sheʼr ijod etgan edik. Afsuski, ulardan birortasi menda saqlanib qolmagan”. Shuningdek, M.lar ikki shoir savol-javobi tarzida ham yozilib, ularning ayrimlari topishmoq (mas., Maxtumquli va Durdi shoir) shaklida boʻlsa, boshqalarida hazil-mutoyiba (mas., Zavqiy va Muqimiy M.lari) ruhi ustunlik qilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish