← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Muzoriʼ

Muzoriʼ (ar. مضارع – oʻxshovchi) – aruz bahrlaridan biri, hazaj bahriga oʻxshagani uchun shunday nomlangan. Mafoiylun (v – – –) va foilotun (– v – – ) asllarining ketma-ket takroridan hosil boʻladi. M. sheʼriyatimizda ancha keng qoʻllanadigan bahrlardan sanaladi. Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida M.ning oʻn ikki vazni, Boburning “Muxtasar”ida yigirma toʻrt vazni misollar bilan koʻrsatib berilgan. “Qissasi Rabgʻuziy”dan boshlab Atoyi, Sakkokiy, Gadoiy, Lutfiy kabi mumtoz shoirlar ijodida ham M. bahrining bir necha vaznlaridan foydalanilgan. Xususan, Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devonidagi 105 ta turli janrdagi sheʼrlar mana shu bahrda yaratilgan. Mas., Navoiy:

Ishqu junun erurlar beixtiyor manda,

Mendurmanu bu ikki, oʻzga ne bor manda, –

baytini muzoriʼi musammani axrab (– – v / – v – – / – – v / – v – – ) vazniga misol sifatida keltirgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish