← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Muxammas

Muxammas (ar. مخمس – beshlik) – ) musammat turlaridan biri, besh misrali bandlardan tarkib topuvchi sheʼr shakli; besh misrali band. M. sheʼr shaklida dastlabki band misralari oʻzaro qofiyalanadi (a-a-a-a-a), keyingi bandlarining avvalgi toʻrt misrasi oʻzaro, oxirgi misrasi esa birinchi band bilan (b-b-b-b-a, v-v-v-v-a va h.) qofiyalanadi. M. mumtoz adabiyotimizda keng tarqalgan janrlardan biri boʻlib, u ikki xil boʻladi: 1) mustaqil M.: mumtoz adabiyotshunoslikda “tabʼi xud muxammas” deb yuritilib, uning barcha misralari bir shoir qalamiga mansubdir. M.ning bu turi Hofiz Xorazmiy, Navoiy, Mashrab, Ogahiy kabi shoirlar ijodida katta oʻrin egallaydi. Sheʼriyatimizda M.ning birinchi band oxiridagi bir yoki ikki misra keyingi bandlar soʻngida tarjeʼ sifatida takrorlanuvchi xili ham uchraydi. Bir misra tarjeʼ qilingan M.larda qofiyalanish odatdagidek boʻlsa, ikki misra tarjeʼ qilingan M.larda qofiyalanish a-a-a-a-a, b-b-b-a-a, v-v-v-a-a... koʻrinishida boʻladi. Mas., Mashrabning “Ey safobaxshi bahorim, boʻstonim, qaydasan?” misrasi bilan boshlanuvchi M.ida har bir band oxirida “Volidam, Makkam, Madinam, mehribonim, qaydasan?” misrasi tarjeʼ qilingan; 2) oʻzga shoir gʻazaliga bogʻlangan M. taxmis deb yuritilib, u taxmischi shoirning oʻzga shoir gʻazalidagi har bir baytga oʻzidan yana uch misra qoʻshish orqali yaratiladi. Bunda taxmis bogʻlayotgan shoirning oʻsha gʻazal mazmuniga putur yetkazmasligi, qoʻshilayotgan misralarning gʻazal vazni, qofiyasi, radifi va boshqa jihatlariga mos boʻlishi talab etiladi. Sheʼriyatimizda taxmis M.ning Navoiy, Ogahiy, Uvaysiy, Nodira kabi qator mumtoz soʻz sanʼatkorlari hamda Habibiy, Chustiy, E.Vohidov, A.Oripov, O.Matjon, J.Kamol kabi yangi davr shoirlari bogʻlagan goʻzal namunalari mavjud. Shuningdek, adabiyotimiz tarixida shoirning oʻzi yozgan gʻazalga bogʻlagan taxmis M.lar siyrak boʻlsa-da uchraydi (mas., Navoiy va Ogahiy ijodida).

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish