← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Muvozana

Muvozana (ar. موازنه – vazndosh) – mumtoz adabiyotdagi sheʼriy sanʼat, baytning birinchi misrasidagi barcha soʻzlarning ikkinchi misradagi oʻz muqobillariga vaznda teng boʻlishi. Koʻp hollarda M. sanʼati tarseʼ (q.) bilan qorishiq holda yuzaga keladi, yaʼni bitta baytning oʻzi ham tarseʼga, ham M.ga misol boʻlishi mumkin. Mas., Navoiyning quyidagi fardi:

Muruvvat barcha bermakdur yemak yoʻq,

Futuvvat barcha qilmakdur demak yoʻq,–

Biroq M. boʻlishi uchun misralardagi muqobil soʻzlarning vaznda teng boʻlishi talab etiladi, lekin ularning qofiyadosh boʻlishi shart emas, yaʼni tarseʼda qofiyadoshlik birlamchi boʻlsa, M.da vaznda tenglik birlamchi shartdir. Mas., “Hayrat ul-abror”dan olingan quyidagi:

Barcha xiyonatni diyonat bilib,

Barcha diyonatda xiyonat qilib,–

bayt misralaridagi muqobil soʻzlar vaznda bir-biriga teng, lekin xiyonatni-diyonatda juftligi qofiyadosh emas. Yaʼni bu oʻrinda M. sanʼati bor, lekin tarseʼ voqe boʻlgan emas.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish