← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mustazod

Mustazod (ar. مستزاد – orttirilgan) – mumtoz adabiyotdagi lirik janr, har bir misrasidan keyin uning ikkita (birinchi va oxirgi) rukniga teng yarim misra orttiriluvchi sheʼr. M.ning asosiy misralari gʻazal tipidagi mustaqil qofiyalanishni hosil qilsa, yarim misralari ham mustaqil holda shunday qofiyalanishga ega boʻladi (A-a-A-a, B-b-A-a, V-v-A-a, G-g-A-a...). Hofiz Xorazmiy sheʼriyatimizda M. janridagi ilk sheʼrlar muallifi sifatida eʼtirof etilsa, keyincha Navoiy, Mashrab, Ogahiy, Avaz, Komil, Anbar Otin kabi shoirlar ham M. janrida samarali ijod qilganlar. A.Navoiy “Mezon ul-avzon””da xalq orasida qoʻshiq ohangiga mos “bir surud” borligi va uning M. deb atalishini aytadi. Darhaqiqat, M.ning oʻziga xos ritmik-intonatsion qurilishi oʻynoqi ohangni yuzaga keltiradiki, u qoʻshiq ohangiga mos va kuylash uchun juda qulaydir. M.larning aksariyati qoʻshiq qilib kuylangani ham shundan. Xususan, oʻz sheʼrlarini tanbur va setor joʻrligida ijro etib yurgan Mashrab ijodida M.larning salmoqli oʻrin tutishi ham shu bilan izohlanishi mumkin. Mashrabning M.lari, mas.:

Rahm ayla manga emdi, ayo ruhi ravonim, –

Jon chiqqali yetti,

Turdi bu zamon ishq oʻtida kuygani jonim, –

Boqsang manga netti? –

bayti kabi oʻz musiqasi bilan jarang topadi, qoʻshiqdek eshitiladi. Ayrim hollarda M.ning asosiy misrasidan soʻng bitta emas, ikkita yarim misra orttirilishi ham mumkinki, bu holda M.dagi misralar gʻazal tipidagi uchta mustaqil qofiyalanish tartibini hosil qiladi. Mas.:

Ey yor, sanga ushbu jahon bogʻi aro gul

bir oshiqi hayron,

diydoringa shaydo,

Bir sheyftadur kokuli mushkiniga sunbul,

ham holi parishon,

ham boshida savdo.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish