← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mutadorik

Mutadorik (ar. متدارك – orqadan kelib qoʻshiluvchi) – aruz bahrlaridan biri, foilun asli (– v –) takroridan hosil boʻladi. M. bahrining nomlanishi Halil ibn Ahmad keltirgan 15 ta bahr qatoriga Abul Hasan Axfash tomonidan qoʻshilgani bilan izohlanadiki, uning ayrim manbalarda bahri muhdas (yangi topilgan) yoki gʻarib (chetdan kelgan) deb yuritilishi ham shunga dalolat qiladi. Manbalarda M. bahri vaznlarini oʻzbek sheʼriyatiga ilk bor olib kirgan shoir sifatida Alisher Navoiy eʼtirof etiladi. Uning “Mezon ul-avzon” asarida M.ning 7 vazni, Boburning “Muxtasar”ida esa 26 vazni misollar bilan koʻrsatib berilgan. M. oʻzbek sheʼriyatida kam qoʻllangan bahrlardan sanaladi. Mas., Navoiyning “Mezon ul-avzon”ida:

Furqatingda mani soʻrmading,

Rahm koʻzi bilan koʻrmading, –

bayti mutadoriki musaddasi solim (– v – / – v – / – v – ) vazniga misol sifatida keltirilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish