← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mutaqorib

Mutaqorib (ar. متقاريب – bir-biriga yaqin) – aruz bahrlaridan biri, faulun asli (v – –) takroridan hosil boʻladi. M. deb nomlanishi bahr chizmasida (v – – / v – – / v – – / v – –) vatadlarning bir-biriga yaqin turishi bilan bogʻliq holda izohlanadi. Chizmaga eʼtibor berilsa, unda vatad (v –)lar birgina sabab (–)dan soʻng takrorlanib kelayotganini koʻrish mumkin. M. bahri mumtoz oʻzbek sheʼriyatida, xususan, gʻazalchilikda ancha faol qoʻllangan: A.Navoiyning “Mezon ul-avzon”ida M.ning oʻn bir, Boburning “Muxtasar”ida qirqdan ziyod vazn koʻrinishlari sanaladi, ularning har biriga misol sifatida baytlar keltiriladi. Yusuf Xos Hojibning “Qutadgʻu bilig”, Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonlari ham shu bahrda yozilgan. Mas., Lutfiyning:

Koʻkardi chaman, guluzorim qani?

Sihi sarv boʻyluq nigorim qani? –

matlaʼli gʻazali ham mutaqoribi musammani solim (v – – / v – – / v – – / v – –) vaznida yozilgan.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish