← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mutassaʼ

Mutassaʼ (ar. متسع – toʻqqizlik) – musammat turlaridan biri, toʻqqiz misrali bandlardan tarkib topuvchi sheʼr shakli; toʻqqiz misrali band. Musammatning boshqa turlaridagi kabi, M. sheʼr shaklida ham dastlabki band misralarining oʻzaro (a-a-a-a-a-a-a-a-a) qofiyalanishi, keyingi bandlarda avvalgi sakkiz misraning oʻzaro, oxirgi misraning esa birinchi band bilan (b-b-b-b-b-b-b-b-a, v-v-v-v-v-v-v-v-a va hok.) qofiyalanishi koʻzda tutiladi. Shuningdek, M.da ham bir yoki ikki misraning tarjeʼ sifatida takrorlanishi mumkinki, bunda qofiyalanish tartibi shunga mos boʻladi. M. sheʼriyatda kam qoʻllanuvchi sheʼr shakli sanaladi. Shu bois ham oʻz vaqtida A.Husayniy musammatning bu xiliga taʼrif bermaydi va buning sababini “ustodlar sheʼrida kamina nazarigʻa tushmadi”, deya izohlash bilan cheklanadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish