← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Mutlaq qofiya

Mutlaq qofiya (ar. متلق – shartsiz, biror narsa bilan cheklanmagan, قافيه – soʻzning soʻzga mos boʻlishi) – ilmi qofiyada qofiyaning tuzilishiga koʻra farqlanuvchi bir turi, raviydan keyingi unsurlar (huruj, nafoz, noyira, majro, mazid) ham ishtirok etuvchi, yaʼni raviydayoq toʻxtab qolmaydigan qofiya. Mas., Nodiraning:

Nigori gulbadanimni tushimda koʻrsam edim,

Labi shirin shikanimni tushimda koʻrsam edim, –

baytida M.q. (badanimni – shikanimni) qoʻllangan boʻlib, unda raviy – badan va shikan soʻzlaridagi oxirgi “n” undoshidan keyin ham ohangdosh tovushlar ishtirok etgan. M.q.da raviydan keyin keluvchi undosh yoki choʻziq unli vasl, vasldan keyingi undosh yoki choʻziq unli huruj, hurujdan keyingi undosh yoki choʻziq unli mazid, maziddan keyingi undosh yoki choʻziq unli noyira deyiladi. Raviydan keyingi qisqa unli majro, undan keyin keluvchi barcha qisqa unlilar esa nafoz deb yuritiladi. Keltirilgan misoldagi “badanimni-shikanimni” juftligida raviydan keyingi tartibda “i” – majro, “m” – vasl, “n” – huruj, “i” – nafozdir. M.q. sanalishi uchun raviydan soʻng shu unsurlardan birining boʻlishi kifoyadir.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish