← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Nekrolog

Nekrolog (yun. nekros – oʻlik, logos – soʻz, nutq) – biron bir shaxsning (odatda, taniqli kishilar, davlat yoki jamoat arboblari, sanʼatkorlar, adiblar va h.) oʻlimi munosabati bilan yozilgan maqola; keyingi vaqtda biron-bir shaxsga yaqin kishisi vafoti munosabati bilan bildirilgan moʻʼjaz taʼziyanomalar ham N. deb yuritilmoqda. Odatda, N.larda vafot etgan shaxsning faoliyati, bu faoliyatning ahamiyati muxtasar yoritiladi. Shu jihati bilan N.lar vaqti kelib qimmatli manba boʻlib qolishi ham mumkin. Mas., jadid nashrlarida I.Gʻasprali vafoti munosabati bilan eʼlon qilingan N.lar uning Turkiston bilan aloqalari haqida maʼlumotlar berishi bilan muhim boʻlsa, Choʻlponning “Ikki yoʻqotish” nomli N.i qoʻqonlik maʼrifatparvarlar – domla Yoʻldosh Mavlaviy bilan shoir Ibrohim Davronlar haqida maʼlumot beradiki, ular davr adabiyoti va tarixini oʻrganishda asqotadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish