← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Nido

Nido (ar. ندا – qichqiriq, chaqiriq, undov)– insho yoʻllaridan biri, fikrni ifodalash usuli, oʻy-fikr, his-tuygʻu, kechinmalarning kimgadir yoki nimagadir murojaat tarzida bayon etilishi, sheʼrda undalma qoʻllash. Yaʼni shoir saboga, koʻngilga, maʼshuqaga yoki oʻz-oʻziga murojaat etar ekan, shu orqali oʻz his-tuygʻularini, kechinmalarini bayon qilib oladi. Mas., Bobur yorga:

Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur,

Sening birla chiqishmoqlik dagʻi bisyor mushkuldur, –

tarzida, Mashrab:

Eshit arzimni, ey dilbar, yurak-bagʻrim kabob oʻldi,

Raqiblar shodumon boʻldi nigorimning jafosidin, –

tarzida murojaat qilib, shu orqali ishq iztiroblari, hijron azoblari bilan bogʻliq tuygʻularni izhor etishni maqsad qiladilar. Aksar hollarda, shoir sheʼr davomida bayon etgan fikrlar oʻz-oʻziga murojaat tarzida xulosalanishi mumkin. Mas., Navoiy bir maqtaʼsida:

Ey Navoiy, barcha oʻz uzrin dedi, oʻlguncha kuy

Kim, senga ishq oʻti-oʻq ermish azalning qismati, –

der ekan, oʻziga murojaat qilish orqali, “boshdan kechirilgan ishq iztiroblarida hech kim aybdor emas, balki ishq senga taqdirning bitigidir”, degan xulosaga keladi. Umuman, sheʼriyatimizda “Ey bod, yetkur yora salomim”, “Ey sorbon, ohista yur, oromijonim boradur”, “Doʻstlar, bu kun ajab bir sarvqomat koʻrmisham”, “Ey Navoiy, sobit oʻlsun shohi gʻoziy davlati”, “Ul paridin men nechuk jon eltayinkim, Bobiro”, “Mashrabo, oʻlguncha dargohida maqsuding budur” kabi koʻrinishlarda baytlar bitmagan, N. usuliga murojaat qilmagan shoir deyarli topilmaydi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish