← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Novatorlik

Novatorlik (lot. novator – yangilovchi, yangilanuvchi) – adabiy jarayon bilan bogʻliq kategoriya, adabiy jarayonda anʼana bilan har vaqt dialektik aloqada mavjud boʻlgan hodisa, adabiyot taraqqiyotining muhim ichki omili, badiiy tafakkur rivojiga sezilarli taʼsir oʻtkazib, keyinchalik anʼanaga aylanuvchi muhim badiiy-estetik yangilik. Adabiy anʼanaga saylab va tanqidiy munosabatda boʻlolgan, oʻz davrining badiiy-estetik ehtiyojlarini teran his etolgan ijodkorgina yangilik yaratishga qobil boʻla oladi. Mas., oʻzbek mumtoz adabiyoti anʼanalari bagʻrida yetishgan Choʻlpon oʻz ijodi bilan sheʼriyatimizga qator yangiliklarni olib kirdi. Jumladan, uning badiiy shakl sohasidagi N.i sheʼrlarining ritmik-intonatsion qurilishida barmoq va sarbast imkoniyatlaridan keng foydalanishi, mumtoz sheʼriyatdagi sheʼriy shakllarni oʻzgartirib qoʻllashi, sheʼriyat tilini jonli soʻzlashuv tiliga yaqinlashtirishga intilishi, sheʼriyatimizga ijroviy lirika, personajli lirika kabi janr koʻrinishlarini olib kirganida; badiiy mazmun sohasida esa sheʼriyatga ijtimoiy “men”ni olib kirgani, shaxsiylangan ijtimoiy dardni kuylagani, anaʼanaviy poetik obrazlar (yor, oshiq, visol va b.) maʼnosini oʻzgartirgani kabilarda koʻrinadi. Unutmaslik kerakki, davrning badiiy-estetik talab-ehtiyojlarini shu davrda qalam tebratgan ijodkorlarning bari ham his etadi, shu maʼnoda, talantli ijodkorlarning hammasida ham muayyan darajadagi N. mavjud. Ayni chogʻda, N. xususiyatlari davrning yirik sanʼatkorlari ijodida mujassam ifodasini topadi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish