← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Novella

Novella (ital. novella – yangilik) – kichik epik janr. Adabiyotshunoslikda N. masalasida yakdil toʻxtamga kelingan emas: “hikoya” va “novella” atamalarini sinonim deb biluvchilar ham, ularni keskin farqlovchilar ham bor. Yana bir toifa N.ni hikoyaning bir koʻrinishi deb hisoblaydi. Soʻnggi qarashga koʻra, hikoyaning ikki tipi bor: birinchisida ocherklilik (tavsifiy-rivoyaviy), ikkinchisida novellistiklik (konfliktli-rivoyaviy) xususiyati ustundir. Bu oʻrinda gap ikki turli janr haqida emas, balki bir janrning ikki sifat koʻrinishi haqida boradi, hikoya va N. atamalari shu ikki tipni farqlash uchun qoʻllanadi. Hikoyadan farqli oʻlaroq, N.ga mufassal tafsilotlarga boy rivoya xos emas, mutaxassislar uni hikoyadan farqlash uchun sof syujet sanʼati deb hisoblaydilar va unda dramaga xos xususiyatlar ustunligini taʼkidlaydilar. Bulardan N. hikoyadan oʻzining syujet-kompozitsion xususiyatlari bilan farqlanishi anglashiladi. N.ning (novellistik hikoyaning) kompozitsion qurilishi: 1) roviyning xolis “kuzatuvchi” mavqeida turishi; 2) hikoya qilinayotgan voqeaning yuz berish vaqti bilan hikoya qilinish vaqtining bir-biriga mosligi; 3) “sahnaviylik” – oʻquvchi nazdida hayot sahnasida kechayotgan voqeani tomosha qilayotganlik illyuziyasining yuzaga keltirilishi; 4) syujetning shiddatli rivojlanishiyu kutilmagan burilishlarga egaligi bilan ajralib turadi. Mazkur xususiyatlar mavjud boʻlishi uchun esa N.da birgina voqea – “hayotning bir parchasi”ni poetik jonlantirish taqozo etiladi. Shunday ekan, N. syujeti ham “voqealar tizimi” degan taʼrifga muvofiq emas: unda bir-biriga bogʻliq voqealar rivoji emas, balki bir hayotiy holat ichidagi oʻsish, rivojlanish kuzatiladi (mas.: Choʻlpon. “Taraqqiy”; A.Qahhor “Bemor”). Shu yoʻsin tushunilgan N.ning nodir namunalari sifatida Mopassanning “Doʻndiq”, A.Chexovning “Xameleon”, O’Genrining “Farishtalar tuhfasi”, I.Buninning “Xilvat yoʻlkalar” kabi asarlarini koʻrsatish mumkin. Choʻlponning “Oydin kechalarda” asari esa zamonaviy N.ning oʻzbek adabiyotidagi ilk va goʻzal namunasidir. Shuningdek, janrning sara namunalari A.Qahhor, Sh.Xolmirzayev kabi adiblar ijodida ham koʻplab topiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish