← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Obrazlar sistemasi

Obrazlar sistemasi – badiiy asardagi bir-biri bilan uzviy bogʻlangan obrazlar tizimi. Amaliyotda O.s. deganda, koʻpincha, asardagi personajlar tizimi nazarda tutiladi, biroq bu terminning tor maʼnosidir. Zero, O.s. faqat personajlarni emas, balki badiiy voqelikni tashkil qilayotgan jami (narsa, hodisa, joy va h.) obrazlardan tarkib topadi. Yaʼni badiiy asardagi har bir obraz yaxlit sistemaning unsuri, shunga koʻra, u butunning qismi sanaladi (q. badiiy obraz turlari) va oʻzining mazmun-mohiyatini butun kontekstidagina toʻliq namoyon etadi. Chunki O.s.dagi barcha obrazlar bir-biri bilan uzviy aloqada boʻlib, ular bir-birini toʻldiradi, izohlaydi, oydinlashtiradi. O.s.dagi unsurlarning aloqalari sifat jihatidan turlicha. Jumladan, obrazlar orasida integrativ (hokim-tobe) aloqaning mavjudligi ularning sistemadagi mavqei, tashiyotgan gʻoyaviy-badiiy yuk zalvori jihatidan darajalanishi bilan izohlanadi. Mas., asardagi narsa-buyum yoki joy obrazlari personaj obraziga tobelanadi: uni toʻlaqonli yaratishga xizmat qiladi. Shuningdek, O.s.ning tarkibiy qismi boʻlmish personajlar tizimida ham xuddi shunday aloqalar kuzatiladi: yordamchi va ikkinchi darajali personajlar bosh personajlarga nisbatan tobe munosabatdadir (q. situatsiya). O.s.dagi ikkita obraz orasida doim ham bevosita aloqa kuzatilmasligi mumkin, lekin bilvosita (mazmuniy) aloqa hamisha bor. Mas., “Kecha”dagi Zebi bilan Maryam orasida bevosita aloqa yoʻq. Biroq ular Akbarali bilan Miryoqub orasidagi bevosita aloqa asosida bilvosita bogʻlanadi: mingboshi xonadoni va fohishaxona, Zebi va Maryam taqdirlaridagi mushtaraklik tufayli bu aloqa badiiy konsepsiyani ifodalashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shunga oʻxshash, romandagi kundoshlar – Hadichaxon, Poshshaxon va Sultonxon obrazlari Zebini mazmunan toʻldiradi, uning toʻydan keyingi xatti-harakatlarini asoslaydi, Zebidek begʻubor qizlarning shulardan biriga aylanish jarayoni haqida tasavvur beradi. Umuman, romanda obrazlarning bu kabi aloqalari ijtimoiy hayotning keng epik polotnosini yaratish imkonini beradi: Razzoq soʻfi, Eshonbobo, Qumariq masjidi imomi va sudda qatnashgan imom-xatib obrazlarining bir-birini toʻldirishi eʼtiqodi sust dindorlar; noyib toʻra, rus injeneri, advokat va sudyalarning oʻzaro aloqalari esa mustamlakachilarning umumlashma obrazini yaratib, davr kartinasini keng tasavvur qilishimizga imkon beradi. Demak, modomiki gap O.s. – SISTEMA haqida borar ekan, asar mazmun-mohiyatini tushunish uchun uni tashkil qilayotgan obrazlarning turfa koʻrinishdagi aloqalarini teran idrok etish talab etiladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish