← Adabiyotshunoslik lugʻati
|

Oksimoron

Oksimoron – yoki OKSYUMORON (yun. oxymoron – zakiyona nodonlik) – uslubiy figura, mantiqan tamomila zid tushunchalardan hosil boʻlgan sintaktik birlik. Adabiyotlarda O. siqiq va shuning uchun ham paradoksal mazmun kasb etuvchi antiteza deb ham taʼriflanadi, biroq bu hamisha ham toʻgʻri emas. Chunki antitezada zid maʼnodagi ikki soʻz bir-biriga qarama-qarshi qoʻyilsa, O.da mazmun jihatidan zid tushunchalarni ifodalovchi soʻzlar ajralmas birlik hosil qiladi, qoʻproq aniqlovchi-aniqlanmish munosabatida keladi. Mas., “Yomonning yaxshisi boʻlguncha, yaxshining yomoni boʻl” naqli, “sukunat ovozi”, “nafis haqorat”, “yolgʻon haqiqat” birikmalarida, “Oʻtgan kunlar”dagi Otabekning “shirin oʻlim” deyishida O. hodisasi kuzatiladi. Shuningdek, X.Davronning: “Eng dahshatli baqiriq – soqovning baqirigʻi” satridagi soqovning baqirigʻi; I.Mirzoning “Ishq qadimiy masaldir: Ham zahar, ham asaldir. Ikkisiga kosa bir, Asaldayin zaharim!” satrlaridagi “asaldayin zaharim”; Faxriyorning “Bizlar uzoq chekindik olgʻa, Yengaverdik... magʻlub boʻlgani” misralaridagi “olgʻa chekinmoq”, “magʻlub boʻlish uchun yengmoq” birikmalari ham O.ga misol boʻla oladi.

Manba: Dilmurod Quronov, Zokirjon Mamajonov, Mashhura Sheraliyeva. Adabiyotshunoslik lugʻati / f.f.d. D. Quronovning umumiy tahriri ostida. – Toshkent: Akademnashr, 2010. – 400 b.

Lugʻatni PDF shaklida oʻqish